O‘zbekiston | 09:10 / 22.09.2019
401162
4 daqiqa o‘qiladi

Super-kontrakt narxlari e'lon qilindi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi super-kontraktlar haqida qo‘shimcha rasmiy ma'lumotlarni ma'lum qildi.

O‘qishdan yiqilib, kontraktning kirish chizig‘iga 4 balldan ortiq yetmagan hamda 56,7 balldan ko‘p ball to‘plagan abituriyentlar uchun super-kontraktning minimal miqdorlari tasdiqlandi. 

Joriy yilda abituriyentlar uchun super-kontrakt to‘lashda quyidagi yengilliklar beriladi:

  • super-kontrakt miqdorlari stipendiyasiz bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga nisbatan hisoblanadi (ya'ni narxlar arzonlashadi);
  • to‘lovchilarning o‘z hohishiga ko‘ra stipendiyali to‘lovlar, ya'ni, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt summasiga (bir o‘quv yili uchun 4,8 mln so‘m) qo‘shimcha to‘lash mumkin. Ya'ni agar istasa 4,8 mln so‘m qo‘shib to‘lasa, talaba har oy stipendiya olishi ham mumkin bo‘ladi;
  • super-kontraktni yil davomida ikkiga bo‘lib yoki hattoki oylarga bo‘lib to‘lash imkoniyati ham beriladi;
  • bunda super-kontrakt miqdorini oylarga bo‘lib to‘langanda ham, o‘quv yilining birinchi yarmi uchun kamida 50 foizi joriy yilning 1 noyabridan hamda ikkinchi yarmi uchun 2020 yilning 1 martidan kechiktirmay to‘lanishi lozim;
  • yuqoridagi qoidalar kirish chizig‘iga 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun ham amal qiladi.

Ma'lumot uchun, kirish chizig‘iga 4 ballgacha yetmaganlar super-kontraktni quyidagi miqdorda to‘lashadi:

  • 1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun - 1,5 barobar;
  • 1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,0 barobar;
  • 2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,5 barobar;
  • 3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun - 3,0 barobar.

Super-kontrakt narxlari

To‘plagan bali kirish chizig‘iga 4 balldan ortiq yetmagan, lekin 56,7 dan ko‘p ball to‘plagan abituriyentlar uchun super-kontrakt miqdorlari tasdiqlandi. Miqdorlar o‘tgan yilgidan deyarli o‘zgarmagan.

Eng qimmat miqdor yurisprudensiya yo‘nalishida — 25 barobar, ya'ni 229 mln 184 ming so‘m.

Keyingi o‘rinda tibbiyot yo‘nalishiniki — 20 barobar, ya'ni 170 mln 649 ming so‘m.

Qolgan yo‘nalishlar 10 va 15 barobar miqdorda belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu narxlar minimal miqdor hisoblanadi. Joriy yildan boshlab OTMlar super-kontrakt narxini o‘zi mustaqil belgilaydi, faqat asosiy sharti minimal miqdordan kam bo‘lmasligi kerak. Ya'ni yurisprudensiyada super-kontrakt 229 mln so‘mdan kam bo‘lishi mumkin emas, lekin talabga qarab bundan qimmat bo‘lishi ham mumkin. Super-kontrakt narxining aniq qancha bo‘lishini OTMdan borib bilish mumkin.

56,7 balldan kam to‘plaganlar super-kontraktning kamida 2 barobarini to‘lashadi. Masalan, yurisprudensiya kamida 50 barobar, tibbiyot kamida 40 barobar va h.k.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z telegram kanalida sirtqi ta'lim uchun ham super-kontrakt bor-yo‘qligiga aniqlik kiritgan.

«Kimdan bunaqa gap chiqqan bilmadimu, lekin ko‘pchilik sirtqi ta'lim uchun super-kontrakt bo‘lmas ekan, shu rostmi, deb so‘rashmoqda.

Davlat qabul komissiyasi qaroriga nazar tashlasak, u yerda «bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari» deya umumiy belgilangan. Ya'ni tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt aynan kunduzgi ta'lim shakli uchun deya ko‘rsatilmagan. Ta'lim shakliga hech qanday cheklov yo‘q.

Bu degani sirtqi yoki kechki ta'lim shakllarda ham ham super-kontraktda o‘qish huquqi mavjud va yuqoridagi qoidalar ushbu ta'lim shakllari uchun ham amal qiladi», deya yozadi u.

Mavzuga oid