Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniyada diktator Frankoning qabri ko‘chiriladigan bo‘ldi
Ispaniya Oliy sudi diktator Fransisko Frankoning qabrini boshqa joyga ko‘chirish lozim, degan qarorga keldi. Bunga u dafn etilgan joy yuzasidan uzoq vaqt davom etgan bahs-munozaralar sabab bo‘ldi.
Franko 1930-yillardagi fuqarolar urushidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan va Ispaniyani 1975 yilgacha boshqargan.

BBC xabariga ko‘ra, mamlakatning amaldagi bosh vaziri Pedro Sanches Twitter sahifasida sudning eksgumatsiyaga ruxsat berish qarorini «demokratiyaning ulkan g‘alabasi» deb atagan.
Sanchesning o‘rinbosari Karmen Kalvo esa qabr «iloji boricha tezroq» ko‘chirib o‘tkazilishini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan ishlarni 10 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament sayloviga qadar tugallash rejalashtirilgan.
Sotsialistlar hukumati jasadni eksgumatsiya qilish taklifini avgust oyida ma'qullagan edi. Frankoning qarindoshlari bunga qarshi apellyatsiya bergan, ammo Oliy sud ularning da'vosini qanoatlantirmagan.
Diktatorning qabri fuqarolar urushida halok bo‘lgan 10 minglab kishilar dafn etilgan «Urush qurbonlari vodiysi» nomli ulkan qabristonda joylashgan. Madrid yaqinidagi bu mozorni ko‘pchilik fashizmning g‘alabasiga atalgan yodgorlik, deb hisoblaydi va u ultra o‘ng qarashga ega kishilar uchun o‘ziga xos «ziyoratgoh»ga aylangan.

«Frankoning qo‘shinlari tomonidan o‘ldirilgan odamlarning Franko yotgan joyga ko‘milishi – absurd. Ba'zilar uni hamon Ispaniyaning xaloskori sifatida ulug‘lashda davom etishyapti», – deya bobosi 1936 yili boshlangan fuqarolar urushida halok bo‘lgan Silviya Navarroning so‘zlarini keltirdi BBC.
Umuman, qabr ko‘chirilishi tarafdorlarining aksariyatini Franko rejimi qurbonlarining avlodlari tashkil etadi.
Rejaga ko‘ra, Fransisko Frankoning jasadi Madrid shimolidagi El Pardo mozoriga, marhumning rafiqasi qabri yoniga ko‘chiriladi. Ispaniyaning boshqa ko‘plab siyosatchilari ham ayni shu qabristonga dafn etilgan.
Franko diktaturasi

Frankoning o‘limidan keyin Ispaniyadagi siyosiy kuchlar Franko davrini o‘tmishga aylantirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Ispaniyaning 1978 yil 27 dekabrda qabul qilingan yangi konstitutsiyasiga ko‘ra, demokratik erkinlik va hokimiyatning bo‘linish tamoyili mustahkamlab qo‘yilgan.
1977 yilda amnistiya haqidagi qonun qabul qilinib, frankochilar davridagi jinoiy ishlar bo‘yicha tekshiruvlar taqiqlangan.
Frankoning haykallari Ispaniyadagi shaharlar ko‘chalaridan olib tashlangan, ko‘plab ko‘chalar qaytadan nomlangan.
2007 yilda tarixiy xotira to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan, unda fuqarolik urushi qurbonlari e'tirof etilgan, Franko diktaturasidan omon qolganlar va ularning oila a'zolariga yordam ko‘rsatilishi kafolatlangan.
Fuqarolar urushi va undan keyingi qatag‘onlar davrida 450 ming kishi halok bo‘lgan, 100 mingdan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan.
Franko kim bo‘lgan?
- Fransisko Franko 1926 yilda, 33 yoshida Ispaniya tarixidagi eng yosh general bo‘lgan
- 1936 yilgi saylovlarda so‘l kuchlarning «Xalq fronti» partiyasi g‘alaba qozongach, Franko va uning tarafdorlari davlat to‘ntarishi amalga oshirishadi va buning oqibatida mamlakatda fuqarolar urushi kelib chiqadi
- 1939 yilda Franko fuqarolar urushida g‘olib chiqadi va o‘zini davlat rahbari - kaudilo deb e'lon qiladi
- Franko o‘z o‘limigacha, 1975 yilgacha davlatni boshqaradi, uning o‘limidan keyin esa Ispaniya parlamentar monarxiyaga aylanadi
Mavzuga oid
09:01 / 25.05.2026
Ispaniyada uy-joy inqirozi: ijarachilar ko‘chalarga chiqdi
00:04 / 20.05.2026
Ispaniyada Mango do‘konlari asoschisining o‘g‘li otasini o‘ldirishda gumon qilinib ushlandi
08:04 / 13.05.2026
Inqirozdan dunyo brendiga: Bilbao shahrining qayta tug‘ilishi
21:51 / 11.05.2026