O‘zbekiston | 11:15 / 07.10.2019
19239
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning «yashil» iqtisodiyotga o‘tishining asosiy vazifalari ochiqlandi 

Foto: Pixabay

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishining asosiy vazifalari etib belgilandi:

texnologik modernizatsiyalash va moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish orqali iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;

davlat investitsiyalari va xarajatlarining ustuvor yo‘nalishlariga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan “yashil” mezonlarni kiritish;

davlat tomonidan rag‘batlantirish mexanizmlarini, davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni faollashtirish orqali “yashil” iqtisodiyotga o‘tish yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;

ta'limga investitsiyalar kiritishni rag‘batlantirish, yetakchi xorijiy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish hisobiga “yashil” iqtisodiyotdagi mehnat bozori bilan bog‘liq kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish;

Orolbo‘yidagi ekologik inqirozning salbiy ta'sirini yumshatish choralarini ko‘rish;

“yashil” iqtisodiyot sohasida, shu jumladan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalar tuzish orqali xalqaro hamkorlikni mustahkamlash.

Quyidagilar:

a) 2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlandi va quyidagilar uni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari energiya samaradorligini oshirish;

energiya resurslari iste'molini diversifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish;

iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va tabiiy ekotizimlarni asrash;

“yashil” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlarini ishlab chiqish;

b) Strategiyani amalga oshirishning quyidagilarni nazarda tutuvchi maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi:

issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010 yildagi darajadan 10 foizga qisqartirish;

ikki karra energiya samaradorligi ko‘rsatkichini oshirish va yalpi ichki mahsulot uglerod sarfi hajmini kamaytirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish;

100 foizgacha aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy, arzon va ishonchli energiyadan foydalanish imkoniyati bilan ta'minlash;

sanoat korxonalari infratuzilmasini modernizatsiyalash, energiya samaradorligini 20 foizdan kam bo‘lmagan miqdorga oshirish hamda sof va ekologik xavfsiz texnologiyalar va sanoat jarayonlaridan yanada keng foydalanish hisobiga ularning barqarorligini ta'minlash;

energiya samaradorlik va ekologik jihatdan yaxshilangan tavsiflarga ega motor yoqilg‘isi va avtotransport vositalari ishlab chiqarishni hamda ulardan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, elektr transportni rivojlantirish;

iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish va ularda yetishtiriladigan ekinlar hosildorligini 20-40 foizgacha oshirish;

yerlarning tanazzulga uchrashi bo‘yicha neytral balansga erishish;

asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘rtacha hosildorligini 20-25 foizgacha oshirishga erishish.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi va unga quyidagi vazifalar yuklandi:

Strategiyada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mas'ul vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish;

Idoralararo kengashga, shu jumladan uning ishchi organi faoliyatini tashkil etish orqali har tomonlama ko‘maklashish;

“yashil” iqtisodiyotni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha hisobotlar yuritishning o‘z vaqtida tashkil etilishini ta'minlash.

Mavzuga oid