O‘zbekiston | 12:31 / 08.10.2019
31660
5 daqiqa o‘qiladi

«Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunda nimalar belgilab qo‘yilmoqda?

2019 yil 8 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisiga kiritilgan 5 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining maqsadi omonatchilar hamda bank xizmatlaridan boshqa foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini hisobga olgan holda moliya muassasalarining barqarorligi va ular o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni ta'minlashdan iborat. Shu maqsadda Qonun bank faoliyatiga ruxsat berish shartlari, O‘zbekiston Respublikasida ushbu faoliyatni amalga oshirish, shuningdek banklarni qayta tashkil etish va tugatish borasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Shuningdek, Qonun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining moliya muassasalarini prudensial nazorat qilishda qo‘yiladigan talablar, qo‘llanadigan vosita va tartib-taomillar borasidagi vakolatlarini ham aniq belgilaydi.

Qonunning Senat tomonidan ma'qullanishi banklar va bank faoliyati qonunchilik asoslarining yanada takomillashuviga, moliyaviy xizmatlar iste'molchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, bank tizimi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishiga xizmat qilishi majlis ishtirokchilari tomonidan aytib o‘tildi.

“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni  yana bir muhim hujjatdir. Qonun O‘zbekiston Respublikasining bosh moliya muassasasi faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.

Mamlakat pul-kredit siyosati, uning vosita va mexanizmlarini tubdan takomillashtirish va narxlar barqarorligini ta'minlashga qaratilgan ta'sirini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar asosida inflatsiyaning oldini olish va bunda Markaziy bank faoliyatini tartibga solish mazkur Qonunning asosiy maqsadini tashkil etadi. Uning qabul qilinishi Markaziy bank pul-kredit siyosatini amalga oshirishda zamonaviy mexanizmlar qo‘llanilishi, tijorat banklarining boshqaruv sifatiga ta'sir ko‘rsatish mexanizmlarining takomillashtirilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, Qo‘mita ishchi guruhi yig‘ilishida “Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni haqida ham so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, Qonun mamlakatda rezidentlar va norezidentlarning o‘z valuta boyliklariga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarni hamda valutani tartibga solish va uning nazoratiga doir vazifalarning qonuniy yechimini ta'minlanishga qaratilgan. Natijada valuta operatsiyalarini amalga oshirishda yuridik va jismoniy shaxslarning o‘z mablag‘larini erkin tasarruf etishlari bo‘yicha barcha holatlarning qonunchilik me'yorlari bilan qamrab olinishi ta'minlanmoqda.

Yig‘ilishda “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi. Ta'kidlanganidek, mazkur hujjat to‘lovlarning uzluksiz amalga oshirilishi, innovatsion mahsulotlarning joriy qilinishi, tegishli tizimlarining yagona axborot muhitini shakllantirish, ularni nazorat qilish va kuzatib borish kabi sohalardagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Qonunda amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish nazarda tutilgan bo‘lib, xalqaro tajribani hisobga olgan holda to‘lov tizimlariga va ularning tarkibiy qismlariga nisbatan talablar o‘rnatilmoqda. Shuningdek, unda ushbu tizimlarni nazorat qilish va kuzatib borish, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlarini litsenziyalash, elektron pullar hamyoni sohiblarini identifikatsiyalash tartibini belgilash hamda xavfsizlik va axborot muhofazasini ta'minlash inobatga olingan.

Ushbu Qonun bilan to‘lov va to‘lov tizimlari sohasida yagona axborot va huquqiy muhit yaratilishi, Markaziy bank tomonidan to‘lov xizmatlari bozorining samarali tartibga solinishi ta'minlanadi.

“Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni ham ishchi guruh yig‘ilishida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ta'kidlanganidek, mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, investorlarning tadbirkorlik faoliyatini samarali tashkil etishga sharoit yaratish va bunda kredit mablag‘larini qaytarishni garovdagi mol-mulk hisobidan amalga oshirishning samarasiz tizimini bartaraf etish orqali mavjud amaliyotni takomillashtirish mazkur Qonunning asosiy maqsadini tashkil etadi. Natijada kreditorlar huquqlarini himoya qilish yanada takomillashtirilib, mamlakatda ishbilarmonlik muhiti yaxshilanadi, mulkni garovga qo‘yishning amaldagi mexanizmlari xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.

Mavzuga oid