Jamiyat | 11:40 / 09.10.2019
15941
5 daqiqa o‘qiladi

Arxitektura va qurilish sohasidagi islohotlar nega «kattalar»gacha yetib bormayapti?

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, respublikada qulay investitsion muhit yaratish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga g‘ov bo‘luvchi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ulkan sa'y-harakatlar amalga oshirib kelinmoqda.

Prezidentning 2019 yil 5 fevraldagi «Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4160-sonli qarori ham shu jumladandir.

Mazkur Qarorda O‘zbekiston Respublikasi reytingini 2022 yilga qadar 20-o‘ringacha ko‘tarish vazifasi belgilangan.

Afsuski, «Biznes yuritish» yillik hisobotida qurilish-arxitektura sohasi eng muhim indikatorlardan biri bo‘lishiga qaramasdan, 2019 yilgi natijalarga ko‘ra mazkur soha bo‘yicha O‘zbekiston 134-o‘rinni egallagan (Ma'lumot uchun: Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 12-o‘rin, elektr energiyasiga ulanish bo‘yicha — 35-o‘rin, shartnomalarni bajarish bo‘yicha — 41-o‘rin) bo‘lib, bu ko‘rsatkich barcha indikatorlar ichida eng past natija hisoblanadi.

Qurilish-arxitektura sohasini isloh qilish, ruxsat berish tartib taomillarini qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi «Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 370-sonli qarori katta qadam bo‘ldi.

Biroq, vakolatli davlat organlari, xususan Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi mas'ul xodimlari tomonidan Prezident tomonidan olib borilgan islohotlarning tub mohiyatini anglamasdan tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari kuzatilmoqda.

Masalan, poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk Ipak yo‘li mavzesi, 45- va 40-uylar oldida joylashgan ko‘p qavatli avtoturargohni savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi va ofisga ixtisoslashtirib, rekonstruksiya qilish eskiz loyihasi asossiz vajlar bilan rad etilgan. Biroq, aynan shu obekt eskiz loyihasi hech qanday o‘zgartirishlarsiz kelishish uchun qayta yuborilganda mazkur murojaat qanoatlantirilgan.

Shu holatda o‘rinli savol tug‘iladi: nega endi birinchi marta kelishish uchun taqdim etilgan eskiz loyiha rad etilganu, ikkinchi marta hech qanday o‘zgarishlarsiz taqdim etilganda eskiz loyihasi tasdiqlangan?

Bu kabi holatlar ayrim hollardagina emas, balki muntazam ravishda davom etib kelmoqda. Xususan, yuqorida qayd etilgan holat Kichik halqa yo‘li ko‘chasi 9-uy yonida joylashgan ko‘p qavatli avtoturargoh, maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi, ofis uchun ma'muriy binolarni qurish eskiz loyihasini kelishish bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida ham takrorlangan.

Arxitektura-qurilish sohasidagi vakolatli davlat organlarining eng «sehrli» iboralaridan biri bu — «qizil chiziq».

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 avgustdagi «Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida»gi PF-5515-sonli Farmonida Toshkent shahrining tasdiqlangan bosh rejasi mavjud emasligi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini yanada kengaytirishga imkon bermayotgani e'tirof etilgan va shaharning bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli topshiriq berilgan.

Endilikda yana bir o‘rinli savol paydo bo‘ladi: qanday qilib prezident farmonida Toshkent shahrining bosh arxitektura rejasi mavjud emas deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, vakolatli organ xodimlari o‘zboshimchalik bilan xohlagan joylarida «qizil chiziq» belgilab olmoqdalar?

Xuddi shunday «qizil chiziq» vaji bilan Yakkasaroy tumani Kichik halqa yo‘li ko‘chasidagi yer maydonida joylashgan ofis binosini qurish eskiz loyihasini kelishish rad etilgan (2019 yil 17 maydagi 31-918/A-sonli xulosa). Eng qizig‘i, aynan shu loyiha yana hech qanday o‘zgarishlarsiz taqdim qilinganda 2019 yil 31 maydagi 31-1039/A-sonli xulosa bilan kelishilgan.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, qurilish va arxitektura sohasidagi amaldorlar Prezident tomonidan qo‘yilgan oliy maqsad tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, investitsion muhitni yaxshilash ekanligini yoki unutib qo‘yganlar yoki shaxsiy manfaatlarini xalq manfaatidan ustun qo‘ymoqdalar.

Xulosa o‘zingizdan. Ishlar shu yo‘sinda davom etaversa «Biznes yuritish» yillik hisobotida qanday qilib 134-o‘rindan siljish mumkin?

Oybek HASANOV.

Mavzuga oid