Dragon King Kong Bridge — Changsha shahridagi piyodalar ko‘prigi

Ushbu ko‘prik Xitoyning Changsha shahrida joylashgan. Ko‘prikning burmalari xitoyliklar uchun falsafiy ma’no kasb etadigan Myobius tasmasini eslatib yuboradi. Piyodalar ko‘prigining uzunligi 185 metrni, balandligi esa 22 metrni tashkil qiladi.

Rolling Bridge — transformer ko‘prik

Londondagi ko‘prik o‘zida ajoyib konstruksiyani aks ettirgan. Bu chindan ham transformerga aylanadigan ko‘prik. Kema-qayiqlar Grand Yunion kanaliga chiqib ketishda ko‘prikning bir tomoni ko‘tarila boshlaydi va aylana shaklga kiradi.

Moses Bridge — suv sathidan pastda qurilgan ko‘prik

Ko‘pchilik ko‘priklarning suv, binolar ustidan o‘tkazib qurilganiga guvoh bo‘lgan, ko‘zi o‘rgangan. Niderlandiyalik arxitektorlar esa bu tasavvurlarni buzishga harakat qilib, maqsadlariga erishgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘prik Qizil dengiz suvini chekintirib, undan o‘tgan Muso payg‘ambar nomini olgan. Ko‘prik konstruksiyasida 50 yil davomida chirimaydigan, maxsus ishlov berilgan yog‘ochdan foydalanilgan.

Helix — «DNK ko‘prigi»

Singapurning eng markaziy nuqtasida uzunligi 280 metrga teng bo‘lgan piyodalar ko‘prigi — Helix joylashgan. U shaharning eng yirik hududlari — Marina Bey va Marina markazini bog‘lab turadi. Ushbu spiral ko‘rinishidagi ko‘prikning ijodkorlari inson DNKsidan ilhomlangani ta’kidlanadi. Ko‘prik bo‘ylab to‘rtta tomosha maydonchasi o‘rin olgan, shahar aholisi va mehmonlari bu orqali zamonaviy arxitektura yodgorliklarini tomosha qilib, rohatlanishlari mumkin.