Iqtisodiyot | 09:28 / 11.10.2019
32986
7 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi qaysi tizimda qonunbuzilish holatlari ko‘payganini ma'lum qildi

Foto: trest12.uz

Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2019 yilning 9 oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijalari to‘g‘risida ma'lumot berdi.

2019 yilning 9 oyida Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan «Davlat moliyasini boshqarish axborot dasturi» (DMBAD) va «UzASBO» dasturi ma'lumotlar bazasidan keng foydalangan holda 1147 ta kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda, 41 ta oliygohlarda, Madaniyat vazirligi tizimidagi 516 ta muassasalarda, 154 ta tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarida, Buxoro va Surxondaryo viloyati mahalliy budjetining tuzilishi va ijrosi, shuningdek 212 ta mahalliy budjet va 44 ta boshqa tashkilotlarda hamda 28 ta tuman (shahar)lardagi 551 ta mahalliy budjet tashkilotlarida jami 2 655 ta muassasalarida kameral nazorat tadbirlari o‘tkazdi.

Kameral nazorat tadbirlariga qamrab olingan muassasalarning 820 tasida (31%) 22,6 mlrd. so‘m miqdorida budjet qonunchiligini buzilish holatlari aniqlanib, nazorat tadbirlari davomida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 16,5 mlrd. so‘m mablag‘lar budjetga tiklandi.

2019 yilning 9 oyligi davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kameral nazorati tadbirlari bilan 3 martaga ko‘p muassasalar qamrab olingan bo‘lib, shunga mos holda budjet intizomini buzilish holatlari ham 3 martaga ko‘p aniqlangan.

Ma'lumot uchun: 2018 yilning 9 oyligida 997 ta budjet muassasalarida kameral nazorat o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 432 tasida 7,3 mlrd. so‘mlik budjet intizomini buzilish holatlari aniqlangan.

Hisobot davrida nazorat tadbirlarining asosiy qismi budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarda mablag‘lardan maqsadli foydalanishi va moliyaviy intizomga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan bo‘lib, 5487 ta nazorat tadbirlaridan 4461 tasida (81,3%) 91,4 mlrd. so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlanib, ushbu asossiz xarajatlarning 83 mlrd. so‘mi (91%) davlat budjetiga tiklanishi ta'minlandi.

Ma'lumot uchun: 2018 yilning 9 oyligida 3568 ta budjet muassasalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarining 2996 tasida 38,3 mlrd. so‘mlik budjet intizomini buzilish holatlari aniqlanib, shundan 28,4 mlrd. so‘mi (74,2%) budjetga tiklangan.

2019 yilning 9 oyi davomida aniqlangan budjet intizomini buzilish holatlari Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi muassasalarida 18,9 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan qonunbuzilish holatlari 9,8 mlrd. so‘mga (2 marta) ko‘paygan.

Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi tizimi tashkilotlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 12,1 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan 10,4 mlrd. so‘mga (7 marta), Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimidagi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 6,6 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan
3,5 mlrd. so‘mga (2 marta) ko‘paygan.

Shu bilan birga, hisobot davrida Sog‘liqni saqlash vazirligi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 10,2 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan (10,7 mlrd. so‘m) kamaygan bo‘lsa-da, yirik miqdorda qonunbuzilish holatlari saqlanib qolmoqda.

Yirik miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar Jizzax (13,5 mlrd. so‘m), Andijon (9,2 mlrd. so‘m), Samarqand (7,7 mlrd. so‘m), Surxondaryo (7,1 mlrd. so‘m), Toshkent (7,3 mlrd. so‘m) viloyatlariga va Toshkent shahriga (7,5 mlrd. so‘m) to‘g‘ri kelmoqda.

Nazorat tadbirlarida aniqlangan 84,3 mlrd. so‘m qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 3 004 ta nazorat tadbirlari hujjatlari tegishli choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Hisobot davrida budjet intizomini buzilishiga yo‘l qo‘ygan budjet tashkilotlarining 261 nafar mansabdor va mas'ul shaxslariga belgilangan tartibda 191,4 mln. so‘mlik ma'muriy jarima qo‘llanildi.

Shuningdek, hisobot davrida Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan budjet va budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarning 2019 yil uchun xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini me'yoriy hujjatlar hamda aniq hisob-kitoblar asosida rejalashtirilishi yuzasidan profilaktika nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 29,1 mlrd. so‘m miqdorida ortiqcha rejalashtirilgan xarajatlarning oldi olindi.

Davlat maqsadli jamg‘armalar va boshqa jamg‘armalar mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan 1 069 ta moliyaviy nazorat tadbirlarida 61,2 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, shundan 42,8 mlrd. so‘mi (70%) tiklanishi ta'minlandi hamda 51,9 mlrd. so‘m miqdoridagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 509 ta nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Bundan tashqari, Hukumat kafolati ostida jalb qilingan kredit mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan o‘tkazilgan 116 ta nazorat tadbirlarida 6,7 mlrd. so‘m miqdorda noqonuniy xarajatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, shundan 3,4 mlrd. so‘mi tiklandi hamda 6,3 mlrd. so‘m miqdoridagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 88 ta nazorat tadbirlari hujjatlari huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

«O‘zpaxtasanoat» AJ tizimidagi paxta tozalash korxonalarida 2018 yil hosilidan tayyorlangan paxta xomashyosini qabul qilish, qayta ishlash, paxta mahsulotlarini sotish bo‘yicha hisob-kitoblarning haqqoniyligi yuzasidan o‘tkazilgan 158 ta nazorat tadbirlarining 88 tasida 120,3 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, nazorat tadbiri hujjatlari tegishli chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga topshirildi.

Hukumat va huquqni muhofaza qilish organlarining qarorlari va topshiriqlariga asosan 223 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda moliyaviy xo‘jalik faoliyati yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, aniqlangan 22,3 mlrd. so‘m miqdoridagi moliyaviy qonunbuzilish holatlari bo‘yicha nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2019 yilning 9 oyida o‘tkazilgan jami 7 152 ta moliyaviy nazorat tadbirlarida 302,8 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlanib, shundan 148,7 mlrd. so‘mi (49,1%) budjet va maqsadli jamg‘armalar hamda xo‘jalik sub'yektlari hisob raqamlariga tiklanishi ta'minlandi.

Hisobot davrida mahalliy budjetlarning tuzilishi va ijrosi yuzasidan Toshkent, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida keng qamrovli nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Mahalliy budjetlar tuzilishi va ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari yakunlari tegishli viloyat hokimliklarida mahalliy budjetdan mablag‘ bilan ta'minlanadigan muassasa va tashkilotlarning rahbarlari va mas'ul xodimlari ishtirokida muhokama qilinib, aniqlangan budjet intizomini buzilish holatlarini takrorlanmaslik yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, budjet intizomini buzilishiga yo‘l qo‘ygan muassasa va tashkilot rahbarlariga nisbatan tegishli hokimlarning qarori bilan intizomiy choralar ko‘rildi.

Mavzuga oid