Xorijiy fuqarolarning O‘zbekistonga kelishi va ketishi tartibida o‘zgarish yuz berdi
Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy investorlar uchun investitsiya vizasi joriy etilganligi hamda ular va ularning oila a'zolarining respublika hududida bo‘lishi uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 21 noyabrdagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kelishlari va O‘zbekiston Respublikasidan ketishlari tartibida belgilab qo‘yilishicha, investitsiya kiritish vaqtida O‘zbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 8 500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda xo‘jalik jamiyatlarining aksiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek, xorijiy investitsiyalar ishtirokida korxona tashkil etish shaklida O‘zbekiston Respublikasiga investitsiya kiritgan xorijiy fuqarolarga ko‘p martalik uch yillik investitsiya vizasi (investitsiya vizasi) beriladi va uning amal qilish muddati O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytiriladi.
Bunda investorning oila a'zolariga (turmush o‘rtog‘i, ota-onasi va farzandlari) investitsiya vizasi amal qilish muddatiga mos ravishda mehmon vizasi respublikadan chiqmasdan turib uzaytirish huquqi bilan rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, investitsiya vizasi noelektron shaklda berilgan ishbilarmonlik kirish vizasi, mehmon vizasi va vatandoshlar uchun kirish vizasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga kelgan xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar hududiy organlari tomonidan beriladi va uzaytiriladi.
Xorijiy fuqaro O‘zbekiston Respublikasiga investitsiya vizasi bilan kelgan taqdirda uni uzaytirish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Xorijiy fuqaro investitsiya vizasini olish va uzaytirish uchun vaqtincha yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari hududiy bo‘linmalariga xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonasidan iltimosnomani, shuningdek, kiritilgan investitsiyalar to‘g‘risidagi tegishli ma'lumotnomalardan birini ilova qilib va milliy pasportni ko‘rsatib belgilangan shakldagi anketa bilan murojaat qiladi.
Ma'lumotnoma:
“Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” davlat korxonasi tomonidan - xo‘jalik jamiyatlarining sotib olingan aksiyalari miqdori to‘g‘risida;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan - xo‘jalik jamiyatlarining sotib olingan ulushlari miqdori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy investitsiyalar ishtirokida korxonalar tashkil etilganligi to‘g‘risida beriladi.
Investitsiya vizasini olgan xorijiy fuqaro rasmiylashtirilgan vizani investitsiya vizasi amal qilishining qolgan muddati uchun fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yangi (almashtirishda) milliy pasportiga yoki harakatlanish hujjatiga yopishtirish uchun vaqtincha yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining hududiy bo‘linmalariga murojaat qilishga haqlidir.
Qayd etilishicha, investitsiya vizasi berilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi hisobni va tegishli reyestrni yuritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga va “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” davlat korxonasiga xar oyda tegishli ma'lumotlarni yuboradi.
Ishtirokchilar ulushlari o‘zgarganligi bilan bog‘liq ustav hujjatlarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” davlat korxonasi keyinchalik investitsiya vizasining amal qilish muddatini qisqartirish yoki bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish uchun uch kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ma'lumot yuboradi.
Xorijda bo‘lgan xorijiy fuqarolarga investitsiya vizasini rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xorijda bo‘lgan xorijiy fuqarolarga investitsiya vizasini rasmiylashtirish uchun iltimos qiluvchi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonasidan iltimosnomani, taklif qilayotgan shaxs pasporti nusxasini, shuningdek, kiritilgan investitsiyalar to‘g‘risidagi tegishli ma'lumotnomalardan birini ilova qilib belgilangan namunadagi anketa bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘linmalariga murojaat qiladi.
Ma'lumotnoma:
“Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” davlat korxonasi tomonidan - xo‘jalik jamiyatlarining sotib olingan aksiyalari miqdori to‘g‘risida;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan - xo‘jalik jamiyatlarining sotib olingan ulushlari miqdori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy investitsiyalar ishtirokida korxonalar tashkil etilganligi to‘g‘risida beriladi.
Investitsiya vizasi O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasalari tomonidan milliy pasport ilova qilingan holda belgilangan shakldagi viza anketasini to‘ldirishda yoxud kelganidan keyin - xalqaro maqomga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi aeroportlarida beriladi.
Ushbu bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan, O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi bo‘lmagan davlatlardan kelgan shaxsga iltimosnomani rasmiylashtiruvchi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona investitsiya vizasini kelganidan keyin xalqaro maqomga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi aeroportlarida rasmiylashtirish masalasini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘linmalari bilan oldindan ishlab chiqadi.
Investitsiya vizasini olgan xorijiy fuqaro rasmiylashtirilgan vizani investitsiya vizasi amal qilishining qolgan muddati uchun fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yangi (almashtirilganda) milliy pasportiga yoki harakatlanish hujjatiga yopishtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasasiga yoxud O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘linmalariga murojaat qilishga haqlidir.
Mavzuga oid
18:48 / 05.11.2024
Green Card uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 2 kunga uzaytirildi
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
22:25 / 04.10.2024
Mo‘g‘uliston vizalarni elektron shaklda berishni boshladi
22:50 / 04.09.2024