Jahon | 01:13 / 15.10.2019
18422
2 daqiqa o‘qiladi

Atamboyev sudga majburlab keltirilsa ochlik e'lon qilish bilan tahdid qildi

Foto: AKIpress

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti, hozirda tergov izolyatorida ushlab turilgan Almazbek Atamboyev agar sudga majburlab olib borilsa, ochlik e'lon qiladi. Bu haqda Atamboyevning advokati Zamir Jooshevga iqtibos keltirgan holda 24.kg nashri xabar berdi.     

“Hozir Almazbek Sharshenovichning ahvoli barqaror. Biroq u yana bir yoki ikki marta taom qabul qilishni o‘tkazib yuborsa, sog‘lig‘i keskin yomonlashadi. Agar kuch idoralari uni sudga majburlab olib borishsa, u ochlik e'lon qilishini aytdi”, deb ma'lum qilgan advokat.   

“Agar sud va hukumat mening o‘limimni istasa, shunday yo‘l tuta qolsin”, deb aytgan Atamboyev.

“Birinchidan, izolyatordagi odamga nisbatan majburiy keltirishni qo‘llash noqonuniydir. Ikkinchidan, buning salbiy oqibatlari bo‘lishi mumkin. Agar hukumat bunday yakunni istasa, unda bu spektaklni davom ettiraversin”, deb aytgan Jooshev. 

Avvalroq, 11 oktyabrda jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi ishi bo‘yicha jarayon sud zaliga sobiq prezident Almazbek Atamboyev keltirila olinmagani sababli keyinga qoldirilgani ma'lum qilingandi. 

Ta'kidlanishicha, Atamboyev “hokimiyat unga taklif qilayotgan bu o‘yinda ishtirok etishdan bosh tortib”, tergov izolyatori kamerasidan chiqishdan bosh tortgan. Sud jarayoni 14 oktyabrga qoldirilgandi.

Mavzuga oid