Jahon | 22:44 / 15.10.2019
38728
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qo‘shinlari Suriyaning AQSh bazasi joylashgan Manbij shahriga kirdi

Rossiya harbiy politsiyasi kechagina AQSh ittifoqdoshlari nazorat qilgan Suriyaning Manbij va qo‘shni hududlarida Turkiya va Suriya harbiylari to‘qnashuv chizig‘ida patrullik harakatlarini boshladi.

Rossiya mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar Manbij shahriga kirgani haqida xabar berdi.

Avvalroq prezident Bashar Asadga bo‘ysunuvchi Suriya armiyasi Manbijni to‘liq egallagani ma'lum qilingan.

Manbijda amerikaliklar ikkita harbiy bazani qoldirishgan.

Amerikalik harbiylarning shaharni tark etgani haqidagi ma'lumotni AQSh koalitsiyasi maxsus vakili polkovnik Mayls Kaggins tasdiqlagan.

“Koalitsiya kuchlari Suriyaning shimoli-sharqini to‘liq tark etmoqdalar. Biz Manbijdan ketdik”, deb yozgan Kaggins tvitterda.

Ijtimoiy tarmoqlarda AQShning Manbijdagi bazasida ekanligini ta'kidlayotgan rusiyzabon foydalanuvchilar videosi tarqala boshlagan.

13 oktyabrda Vashingtonning Suriyaning Turkiya qo‘shinlari kirib borgan hududidan qo‘shinlarini olib chiqish qaroridan keyin kurd otryadlari Asad hukumati bilan kelishuvga kelgani ma'lum bo‘lgandi. Rossiya o‘ziga qarashli Hmaymim bazasida olib borilgan muzokaralarga vositachilik qilgan. 

«Tinchlik bulog‘i» amaliyoti

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 9 oktabr kuni Suriya shimolida Kurdiston ishchilar partiyasi va IShID jangarilariga qarshi harbiy amaliyot boshlanganini e'lon qildi.

Turkiyaliklar yetakchisi bu amaliyotning asosiy uch maqsadini keltirgan: janubiy chegaralarni terrorchilardan tozalash, Suriya hududiy yaxlitligini himoya qilish va shu vaqtgacha Turkiya hududida yashab kelayotgan suriyalik qochqinlarni joylashtirish uchun «xavfsiz hudud» barpo etish.

Shu kunlarda Vashington Suriyadan o‘z harbiylarini olib ketishi haqida e'lon qilgach, Turkiya aviatsiyasi Suriyaning chegara hududidagi Ras-al-Ayn va boshqa shaharlariga havo zarbalari berishni boshladi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, turkiyalik harbiylar tomonidan o‘ldirilgan kurd harbiylari soni 500 nafarga yaqinni tashkil qilmoqda.

Suriya hukumati rasmiy Anqarani Suriya shimolida amaliyot boshlagani uchun qoralamoqda. Xalqaro hamjamiyat Turkiyadan harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab etmoqda.

Mavzuga oid