O‘zbekiston | 10:27 / 18.10.2019
5732
3 daqiqa o‘qiladi

Metsenatlik to‘g‘risidagi qonun e'lon qilindi

“Metsenatlik to‘g‘risida”gi qonun e'lon qilindi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
 
Metsenatlik – bu homiylik, biroq alohida olingan sohalarda: madaniyat va san'at, ilm-fan, ta'lim, ma'rifat hamda madaniyat va san'atni rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa faoliyat. Jismoniy va yuridik shaxslar, rezident va norezidentlar metsenat bo‘lishi mumkin. Faqat O‘zbekiston fuqarolari ulardan ko‘mak olishlari mumkin.
 
Metsenatlik faoliyati – ixtiyoriy, uning maqsadlarini tanlash – erkin. Hech kim qonunda belgilangan maqsadlarni tanlash erkinligini cheklashga haqli emas:

• mamlakatning madaniy meros obektlarini saqlash, muhofaza qilish va ulardan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohada tegishli dastur va loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish;
• madaniyat va san'at sohasidagi kasbiy faoliyatni, shu jumladan  yosh iste'dodlarni va arboblarni qo‘llab-quvvatlash;
• jismoniy va yuridik shaxslarning madaniyat va san'atni rivojlantirishda ishtirok etishi uchun ma'naviy rag‘batlantirish omillarini hamda boshqa omillarni kengaytirish.
 
Qo‘llab-quvvatlash sifatida mol-mulk beg‘araz berilishi, ishlar bajarilishi, xizmatlar ko‘rsatilishi mumkin va b. Metsenatlar va ko‘mak oluvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ular o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Ko‘mak oluvchilar doirasi va uning shaklini metsenat mustaqil ravishda belgilaydi. Metsenatlikni Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirish mumkin emas.
 
Davlat metsenatlarni qo‘llab-quvvatlaydi, shu jumladan soliq imtiyozlari va preferensiyalari bilan qo‘llab-quvvatlaydi.  Xususan, amaldagi Soliq kodeksida homiylik qismida yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, import qilishda QQS va aksiz solig‘i bo‘yicha imtiyozlar nazarda tutilgan (SKning 159-moddasi, 1-bandi, 211-moddasi 4-bandi, 230-moddasi 2-qismi 3-bandi 2-xatboshi). Bundan tashqari, metsenatlarni davlat yoki boshqa mukofotlar bilan taqdirlashlari, nomlarini abadiylashtirishlari mumkin.
 
Bunda ko‘mak ko‘rsatish fakti va uning maqsadlari faqat metsenatning roziligi bilan tarqatilishi mumkin. Jamoatchilikka yetkazish uchun OAV va Internetdagi axborot resurslaridan foydalanishlari mumkin.

Mavzuga oid