Qonunchilik palatasi: Sud majlisi tomoshaxona emas
Bugun, 18 oktabr kuni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda kun tartibiga 12 ta masala qo‘yildi.
Kun tartibidagi masalalardan biri - “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga sudlar faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi majlis kun tartibidan chiqarildi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida mazkur qonun loyihasini qabul qilish bir ovozdan rad etilgani, shuningdek, boshqa fraksiyalarda ham jiddiy savollar va e'tirozlar bo‘lgani aytib o‘tildi.
— Shunga qaramay, bugun mazkur masala yana yalpi majlis kun tartibiga kiritildi, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi Akmal Umrzoqov. — Tabiiy savol tug‘iladi, nega fraksiya a'zolari bo‘lgan deputatlar ushbu qonun loyihasiga qat'iy qarshi chiqmoqda? Biz bunyodkorlik ishlari avj olgan, shiddatli islohotlar davom etayotgan davrda yashamoqdamiz. Aholimizning ruhiyatini ko‘tarish, ertangi kunga ishonchini oshirish ustuvor masalaga aylangan bugungi kunda sud majlisida ko‘rilayotgan ikki taraf o‘rtasidagi turli muammolarni televideniyeda yoki ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etish odamlarimizga, ayniqsa, yoshlarimizga qay darajada salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘z oldimizga keltirsak, masala naqadar jiddiyligi yana ham namoyon bo‘ladi.
Qolaversa, “aybsizlik prezumpsiyasi”ga ko‘ra, shaxs qonuniy kuchga kirgan sud hukmi chiqmagunga qadar aybsiz hisoblanadi. Qonun loyihasi tashabbuskori esa, hali aybdor deb topilmagan shaxs haqida jamoatchilikka muayyan shaxsning aybdor yoki jinoyatchi sifatida tanilishiga olib keluvchi normani taklif etmoqda.
Tasavvur qiling: bir odamni sudda ishi ko‘rilayotganini televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatsa, u kelgusida aybsiz bo‘lib chiqsa, boringki, aybdor bo‘lsa ham uning ko‘cha-kuyda, mahallada, qarindosh-urug‘, quda-anda, xalq orasida yomonotliqqa chiqishga olib keladi. Bu esa, uning oila a'zolari, farzandlarining ham jamiyatdagi, ish, o‘qish joylaridagi obro‘siga ham salbiy ta'sir ko‘rsatishi aniq. Or-nomus, uyat degan narsalar bor. Hayotimizda el orasida sharmanda bo‘lish oqibatida o‘z joniga qasd qilganlar ham borligini unutmaslik kerak.
Ikkinchidan, sud majlisi tomoshaxona emas, tarbiyaviy jarayon ham emas aslida. Sababi, tarbiyaviy jarayon yakuniy qaror chiqqanidan keyin amalga oshiriladi. Tabiiyki, sud jarayonida taraflarning shaxsiga, hayotiga, qadr-qimmatiga aloqador bo‘lgan ko‘plab masalalar muhokama qilinadi.
Bizningcha, har qanday sud majlisini OAVda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritish insonning shaxsiy hayotiga aralashishdir. Ayni paytda, Konstitutsiyamizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlari daxlsiz va oliy qadriyat ekani ko‘rsatilgan. Qolaversa, Jinoyat protsessual kodeksining 17-moddasida “inson sha'ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli ma'lumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanadi”, deb ham belgilab qo‘yilgan”, - deya Akmal Umrzoqovning fikrlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shundan so‘ng, fraksiya a'zolarining taklifi ovozga qo‘yildi va qonun loyihasi kun tartibidan chiqarilib, mas'ul qo‘mitaga qaytarildi.
Mavzuga oid
19:08 / 25.10.2024
Saylovda 1 milliondan ortiq fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi
20:25 / 23.07.2024
Xorijdagi mahkum o‘zbekistonliklar jazoni vatanida davom ettirishi mumkinligi belgilanmoqda
19:14 / 23.07.2024
O‘zbekistonda “treningchi”lar faoliyati tartibga solinadi
14:10 / 09.07.2024