Jahon | 08:20 / 20.10.2019
19685
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘nishsiz amalga oshirilgan eng uzoq davom etuvchi reys rekordi yangilandi 

Foto: TASS/Zuma

Avstraliyaning Qantas Airlines aviakompaniyasi samolyoti yo‘lovchi parvozlari tarixida qo‘nishsiz amalga oshirilgan eng uzoq davom etuvchi reysni bajardi. 

FlightAware portalining yozishicha, Sidneydan Nyu-Yorkka reys amalga oshirgan Boeing 787-9 samolyoti 19 soat 14 daqiqa qo‘nishsiz uchgan. Yo‘lovchi samolyoti havoda 16 ming 309 km masofani uchib o‘tib, belgilangan manzilga rejalashtirilgandan 37 daqiqa kech kelgan.

Ta'kidlanishicha, bunday uzoq davom etgan reys davomida yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari holati ortidan shifokorlar kuzatib borishgan. Aviakompaniya o‘z mijozlariga tabletka ko‘rinishidagi melatonin, xavotirni bosuvchi va quyosh nuridan himoyalovchi ko‘zoynaklarni imitatsiya qiluvchi vosita bo‘lgan maxsus to‘plamni taklif qilgan. 

Avvalgi qo‘nishsiz amalga oshirilgan eng uzoq reys 2018 yil oktyabrda Singapore Airlines aviakompaniyasining Singapurdan Nyu-Yorkka parvozi hisoblangan. Airbus A350-900ULR samolyoti ikki shahar o‘rtasidagi masofani 17 soat 53 daqiqada uchib o‘tgan.

Mavzuga oid