O‘zbekiston | 09:33 / 25.10.2019
2776
3 daqiqa o‘qiladi

Tarixiy obektlardan foydalanish muddati maqsadlarga bog‘liq bo‘ladi

Foto: KUN.UZ

Moddiy madaniy meros obektlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ma'lumot uchun: moddiy madaniy meros obektlari - tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan ansambllar, diqqatga sazovor joylar va yodgorliklar («Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunning 3-moddasi). 
 
Norma’ning yozishicha, balansda saqlovchilar har yili 1 noyabrga qadar (balansida davlat mulki hisoblangan moddiy madaniy meros obektlari bo‘lgan yuridik shaxslar) Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentining Ilmiy-ekspert kengashiga (vakolatli organ) takliflar kiritadi. Ular kelgusi yilda foydalanish taklif etilayotgan yangi obektning nomi, foydalanilayotgan obekt yoki uning bir qismining foydalanish maqsadi va shartlarini o‘zgartirish, joylashgan joyi, egalik huquqini belgilovchi hujjatlarni, taklif etilayotgan ijara muddatini ko‘rsatishlari lozim.
 
Davlat mulki hisoblangan moddiy madaniy meros bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlari tasdiqlangan sxema bo‘yicha foydalanishga beriladi.
 
Vakolatli organ Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishgan holda obektdan foydalanish maqsadlari va shartlarining asosiy talablarini, shuningdek tanlovga tushgan takliflarni baholash mezonlarini belgilaydi.
 
Obektlar quyidagi maqsadlar uchun 1 yilgacha bo‘lgan qisqa muddatga foydalanishga beriladi:

• savdo faoliyati;
• esdalik sovg‘alari va hunarmandchilik buyumlarini sotish;
• kompyuter, nusxa ko‘chirish va internet xizmatlarini ko‘rsatish;
• foto, video va ekskursiya xizmatlarini ko‘rsatish.
 
Boshqa faoliyat turlari uchun obekt 5 yilgacha muddatga foydalanishga berilishi mumkin. Maqbul turizm infratuzilmani yaratish, obodonlashtirish va lozim darajada saqlash bo‘yicha investitsiya majburiyatlari olingan holda, obekt va unga tutash hududlar 5 yildan 30 yilgacha muddatga ijaraga beriladi.
 
Vakolatli organning xulosasini inobatga olib, Prezident yoki Hukumatning qaroriga asosan moddiy madaniy meros obektini saqlash maqsadida faoliyat yuritayotgan NNTga, bolalar NNTga, nogironlar NNTga va diniy tashkilotlarga tekin foydalanishga berilishi mumkin.
 
Shuningdek, hujjatda moddiy madaniy meros obektlaridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari ham belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid