Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trade-in O‘zbekistonda – avtomobilni bozorda sotishdan foydali
Eski avtomobilni qo‘shimcha to‘lov evaziga yangisiga almashtirish imkoniyatini beruvchi Trade-in O‘zbekistonda rasman ish boshladi. Markaz, hozircha, Toshkent shahrida. Tez orada, respublikaning boshqa hududlarida ham ochilishi rejalashtirilmoqda. «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzaqovning aytishicha, eski avtomobilni markazga sotish bozorda sotgandan foydaliroq bo‘ladi.

2019 yil 26 oktyabrda Toshkentda UzAuto Motors Service & Trade-In Center yangi sevis va savdo markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Markazning asosiy o‘ziga xosligi – bu Trade-in tizimi bo‘yicha foydalanilgan avtomobilni qo‘shimcha pul to‘lash orqali yangisiga almashtirish imkoniyatidir. Bir savdo maydonchasida bir necha dilerlar jamlangani evaziga, bu markaz xaridorlarga yurgan avtomobillarni sotish va sotib olish bo‘yicha katta tanlov imkonini beradi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.


Trade-in amaliyotining joriy etilishi bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda ta'kidlanishicha, respublika prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida ushbu tizim joriy etilmoqda. Ushbu dastur foydalanilgan avtomobil sohiblariga mashinalarini avtosalonda mutlaqo yangi avtomobil qiymatiga yetmagan pulni to‘lash asosida almashtirish imkonini bersa, minilgan avtomobil olmoqchi bo‘lganlar esa, eski mashinaning «toza» ekanini kafolat bilan olish imkoniga ega bo‘lishadi.

Qayd etish o‘rinliki, minilgan avtomobillar sohiblari texnikalarini yangisiga almashtirishda topshirayotgan transport vositalarini qayta rasmiylashtirishga xarajatlardan ozod qilinadi.
Yangi va minilgan avtomobillar uchun mo‘ljallangan keng savdo maydonlaridan tashqari, UzAuto Motors Service & Trade-In Center servis va savdo markazida o‘zining ta'mirlash va bo‘yash angarlari ham bo‘lib, ular zamonaviy jihozlar bilan ta'minlangan. Dilerga Trade-In tizimi orqali berilgan yurilgan avtomobillar shu yerning o‘zida diagnostikadan o‘tkazilib, zarur bo‘lsa, ta'mirlanadi, detallari almashtiriladi va bo‘yaladi. Avtomobillarni tezkor va sifatli ta'mirlash uchun markazda eng zamonaviy jihozlar va ishlab chiqaruvchidan ehtiyot qismlarning katta ombori mavjud. Shuningdek, markaz hududida gaz balloni jihoziga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, zamonaviy va keng avtoyuvish nuqtasi ham bor.

Bugungi kunda www.trade-in.uz sayti ishga tushgan, unda mijoz dilerlarda sotuvga qo‘yilgan minilgan avtomobillarning ayni kundagi narxini bilishlari, shuningdek ushbu xizmat bo‘yicha barcha zarur axborotni va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblarni olish mumkin.

Saytning asosiy xususiyatlaridan biri avtomobil narxi kalkulyatori sanaladi, u onlayn rejimida mijozga minilgan avtomobilning taqribiy narxini aniqlash imkonini beradi. Kalkulyatsiya ikkilamchi bozorda minilgan avtomobillarning ayni kundagi narxlarini hisoblash metodologiyasiga asoslangan.
Trade-in tizimi bo‘yicha almashinuv jarayoni qanday kechadi?

Mijoz avtomobilni dilerlik markazi mutaxassislariga baholash uchun taqdim etadi. So‘ngra, avtomobil to‘la tekshiruvdan o‘tkazilgach, uning narxini kelishish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi. Mijoz dilerga kerakli hujjatlar paketini taqdim etgach, minilgan avtomobil va yangi avtotransport vositasi oldi-sotdi shartnomasi tuziladi. Bunda yurgan avtomobilning qiymati yangi avtotransport vositasi uchun to‘lovdan ayirib tashlanadi.

Agar mijoz Trade-in dasturi doirasida o‘z avtomobilini topshirib, boshqa bir foydalanilgan avtomobilni xarid qilishni istasa, “Treyd-in” muhri tushirilgan hisob-ma'lumotnoma yozib beriladi, shuningdek almashtirilgan detallar uchun kafolat taloni taqdim etiladi. Shu bilan, foydalanilgan avtomobilning ham ishonchli va kafolatli bo‘lishi ta'minlanadi.
Mavzuga oid
19:35 / 17.06.2025
UzAuto Motors’ning O‘zbekiston bozoridagi ulushi qisqardi
15:39 / 12.06.2025
Yanosh Kovach UzAuto Motors bosh direktori etib tayinlandi
16:42 / 29.05.2025
UzAuto Motors Malibu sotuvini ochganidan bir soat o‘tmay shartnomalar tugab qoldi
16:09 / 15.05.2025