O‘zbekiston | 08:00 / 28.10.2019
13838
2 daqiqa o‘qiladi

Bir kunda 1000 nafardan ziyod fuqarolarga harbiy guvohnoma topshirildi (foto)

Joriy yilning 27 oktabr kuni Markaziy harbiy okrugiga qarashli Samarqand, Jizzax hamda Navoiy garnizonidagi Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonlarida 27 o‘quv kuni davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan 1000 nafardan ziyod chaqiriluvchilarga harbiy guvohnoma topshirildi. Bu haqda Kun.uz’ga Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma'lum qildi. 

Jumladan, Samarqand garnizonida o‘tkazilgan tantanali tadbirda okrug qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, nafaqadagi harbiylar hamda chaqiriluvchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.

Dastlab, askarlar bo‘linma tarkibida yangi tahrirdagi Vatanga Qasamyod matnini o‘qib, jangovar bayroq va ota-onalari, yaqinlari guvohligida yigitlik ontini ichishdi. 

Shundan so‘ng, batalon komandiri podpolkovnik Sanjar Javliyev, oddiy askar Temur To‘xtayevning onasi Hurram aya va “Nuroniy” kengashi Samarqand viloyati bo‘limi mas'ul xodimlari tomonidan samimiy tilaklar bildirildi. SChR xizmati afzalliklari haqida, shuningdek, harbiy xizmatdagi ilg‘or chaqiriluvchilar, jahon chempionlari e'tirof etildi.

Shu kuni Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi SChR batalonlarida 1000 nafardan ziyod askarlarga harbiy guvohnomalar topshirildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, SChR batalonlarida xizmat qilgan askarlarni ish joyi (lavozimi) va ish joyidagi o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi. Mazkur shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi chaqiruv qog‘ozi olingan kundan harbiy yig‘inlardan qaytilgunga qadar bo‘lgan davrda ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin emas, korxona, muassasa va tashkilot tugatilgan hollar bundan mustasno.

Mavzuga oid