Sport | 23:31 / 30.10.2019
17501
3 daqiqa o‘qiladi

Jyek Ma bokschi Floyd Meyvezerni jangga chaqirdi

Alibaba asoschisi, yaqinda pensiyaga chiqqan milliarder Jyek Ma amerikalik mashhur bokschi Floyd Meyvezerga boks jangi uyushtirishni taklif qildi. Maning ta'kidlashicha, “u  Meyvezer bilan istalgan joyda, istalgan vaqtda jang qilishga tayyor”.

Maning bu taklifi bildirilgan video filippinlik bokschi Menni Pakyaoning tvitterdagi sahifasida joylashtirilgan. Rolikda Ma Pakyao bilan birga boks zarbalarini mashq qilayotgani, so‘ngra filippinlik Meyvezerga yuzlanib, “Agar haqiqiy jangni istasang men bilan jang qil. Agar tomoshani istasang – do‘stim Jyek Ma sen haqingda qayg‘uradi”, deb murojaat qilgan. Pakyao Meyvezerning The Money Team (Money - “pul” amerikalikning laqablaridan biri hisoblanadi) brendiga so‘z o‘yini qilib, “Mennining haqiqiy jamoasi” (The Real Manny Team) deb qo‘shib qo‘ygan. 

Ma bunga javoban Meyvezer bilan jang qilishga tayyorligini tasdiqlagan. “Istalgan joyda, istalgan vaqtda”. Menni jamoasi tayyor”, deb aytgan milliarder.

Ta'kidlanishicha, ushbu video xitoylik milliarderning Xanchjoudagi uyida olingan. 

Floyd Meyvezer o‘z faoliyatida o‘tkazgan 50 jangdan birortasida mag‘lub bo‘lmagan. U bir necha marotaba dunyoning eng katta haq oluvchi sportchilari reytingiga yetakchilik qilgan. Amerikalik sportchi 2017 yilda faoliyatini yakunlagan bo‘lsa-da, ba'zida tijoriy janglarda ishtirok etib turadi.

Pakyao esa bokschilik faoliyatini davom ettirmoqda va shu bilan birga o‘z davlati senatining sport bo‘yicha qo‘mitasiga boshchilik qilmoqda. U 2015 yilda Meyvezer bilan jang o‘tkazib, hakamlar qaroriga ko‘ra mag‘lub deb topilgan. 

Ma ayni vaqtda 37,3 mlrd dollarlik boylik bilan Xitoyning eng boy odami hisoblanadi hamda dunyoning eng boy odamlari orasida 21-o‘rinni egallamoqda. U sentyabrda Alibaba Group kompaniyasi direktor kengashi raisi lavozimini o‘z ixtiyori bilan tark etgan.

Mavzuga oid