Sport | 21:19 / 28.10.2025
3269
3 daqiqa o‘qiladi

Pakyao va Meyvezer revansh jangini o‘tkazadi

Mashhur bokschilar 10 yildan so‘ng yana ringga ko‘tariladi.

Foto: Getty Images

Afsonaviy filippinlik bokschi Menni Pakyao va yana bir boks yulduzi, amerikalik Floyd Meyvezer 2026 yilda revansh jangini o‘tkazadi.

Ring Magazine portali jurnalisti Mayk Koppingerning ma’lum qilishicha, boksning ikki afsonasi - Pakyao va Meyvezer 10 yildan keyin yana ringga ko‘tariladi. Ularning jangi Netflix’ning 2026 yildagi asosiy boks janglaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

«Asr jangi» deb nomlangan Menni Pakyao va kenja Floyd Meyvezer o‘rtasidagi jang 2015 yil 2 may kuni Las-Vegasda (Nevada, AQSh) bo‘lib o‘tdi.

Yarim o‘rta vazn toifasida WBC, WBA, WBO va The Ring kamarlari uchun o‘tkazilgan ushbu bahs yulduzlar anshlagini to‘pladi va 400 million dollarga yaqin mablag‘ yig‘ib, boks tarixidagi eng kassabop jangga aylandi.

Jang 12 raund davomida nokdaunlarsiz o‘tdi. Hakamlar g‘alabani bir ovozdan Meyvezerga berib, uning mag‘lubiyatsiz rekordini ta’minlashdi. Pakyao keyinchalik yelkasidagi jarohatdan shikoyat qildi, bu esa unga eng yaxshi formada bo‘lishga imkon bermadi, ammo mutaxassislar Meyvezerning taktika va masofani nazorat qilishdagi mahoratini qayd etdi.

Ushbu jangdan so‘ng, Menni Pakyao yana 8 ta jang o‘tkazib, beshtasida g‘alaba qozondi, ikkitasida mag‘lub bo‘ldi va yarim o‘rta vazn toifasida WBC chempionlik kamari uchun so‘nggi jangini meksikalik bokschi Mario Barriosga qarshi o‘tkazdi.

Floyd Meyvezerga kelsak, u Pakyaoga qarshi jangdan so‘ng yana bir professional jang o‘tkazdi va unda amerikalik Andre Bertoni mag‘lub etdi, shundan so‘ng professional faoliyatini yakunladi.

Biroq, keyinchalik, 2017 yilda u qaytib keldi va UFC yulduzi - Konor Makgregorga qarshi ko‘rgazmali jang o‘tkazdi va uni 10 raundda texnik nokaut bilan mag‘lub etdi. Shu tariqa, u mag‘lubiyatsiz rekordini 50 ta jangga yetkazdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid