O‘zbekiston | 09:10 / 02.11.2019
9193
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ShHT hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda

Bu yirik tadbirga Shanxay hamkorlik tashkiloti huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Mo‘g‘uliston va Eron hukumatlari rahbarlari ham taklif etilgan.

ShHT haqida qisqacha:

* ShHT dunyo aholisining deyarli yarmi yashovchi davlatlarni o‘zida jamlagan tashkilot;

* Yevrosiyo hududining 60 foizini egallagan  ShHT davlatlarining dunyo YaIMdagi ulushi 30 foizdan ortiqroq;

* Garchi qamrovi juda keng bo‘lsa-da, bu tashkilot harbiy blok hisoblanmaydi va militaristik rejalar tuzmaydi. Ammo shunga qaramay terrorizm, separatizm, narkotrafik kabi transmilliy muammolarga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar olib boradi;

* Dastlab kuzatuvchi maqomida bo‘lgan Hindiston va Pokiston kabi davlatlarning keyinchalik to‘laqonli a'zo bo‘lib qabul qilinishi tashkilot nufuzini keskin oshirib yuborgan. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Birinchidan, bu ikki davlat atom quroliga ega bo‘lsa, ikkinchidan, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi azaliy ziddiyat yechimida ShHT uchrashuvlari yaxshi maydon bo‘la oladi;

ShHT davlat rahbarlari kengashi, bosh vazirlar (hukumat rahbarlari) kengashi, tashqi ishlar vazirlari kengashi kabi bir necha yo‘nalishda ish olib boradi. Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan tadbir aynan hukumat rahbarlari kengashi bo‘lib, unda asosan iqtisodiy rejalar, o‘zaro sherikchilik asosidagi budjet kabi masalalar muhokama qilinadi. Hukumat rahbarlari kengashiga qabul qiluvchi davlat hukumati raisi rahbarlik qiladi.

ShHT Bosh kotibi Vladimir Norov Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan tadbir bo‘yicha quyidagi fikrlarni bildirgan: "ShHTga a'zo davlatlar hukumat rahbarlarining kengashi yig‘ilishi ShHT davlatlarining o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirish, iqtisodiy o‘sish sur'atini jadallashtirish, transport va energetika, sanoat sohalaridagi aloqalarni kengaytirish imkonini beradi".

Kun.uz muxbirlari xalqaro OAV vakillari bilan birga mazkur tadbir uchun maxsus tashkil etilgan matbuot markazida voqealar rivojini kuzatib bormoqdalar.

Mavzuga oid