O‘zbekiston | 17:10 / 05.11.2019
12509
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva Darig‘a Nazarboyeva bilan uchrashdi

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

2019 yilning 5 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati raisi Darig‘a Nazarboyeva bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda keng ko‘lamli masalalar muhokama etildi.
 
O‘zaro samarali hamkorlik va ishonch prinsiplari asosida Qozog‘iston hamda O‘zbekiston o‘rtasida rivojlanayotgan do‘stona munosabatlarni tilga olib, Tanzila Norboyeva O‘zbekiston rahbariyati barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga alohida e'tibor berayotganligini ta'kidladi:


 
“2017-2019 yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston iqtisodiy hamkorligi strategiyasining izchil bajarilishi ikki mamlakat strategik manfaatlarining umumiyligiga asoslangan o‘zaro foydali va samarali hamkorlikni boyitishga xizmat qildi. O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 733 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2019 yil yanvar-sentabr oylari davomida o‘zaro savdo hajmi 2,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi va 23,2 foizga oshdi, shuningdek transport va tranzit tashish sohasi sezilarli rivojlanmoqda”.

Parlamentlararo munosabatlar haqida so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi ikki tomonlama hamkorlikni qonunchilik nuqtai nazaridan ta'minlash bo‘yicha birgalikda olib boriladigan bo‘lajak ishlar muhimligiga urg‘u berdi. Bunda qonun ijodkorligi yuzasidan tajriba almashish uchun hamkorlik bo‘yicha parlament guruhlarining va parlamentlar tegishli qo‘mitalarining salohiyatidan amaliy foydalanish taklif etildi. Uchrashuv davomida xalqaro parlament tuzilmalari doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati raisi Darig‘a Nazarboyeva o‘z nutqida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Qozog‘istonning muhim strategik hamkori ekanligini ta'kidladi. 

“Bugun Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda ildam rivojlanmoqda. Bunda Qozog‘istonning birinchi prezidenti – Elboshi N.A.Nazarboyev va O‘zbekiston prezidenti Sh.M.Mirziyoyev xizmati asosiy o‘rin tutadi”, – dedi Qozog‘iston Senati raisi.
 
Qozog‘iston Respublikasi Senati rahbari qayd etganidek, K.K.To‘qayev davlat rahbari sifatida o‘zining ikkinchi xorijiy tashrifini aynan O‘zbekistonga amalga oshirdi va bu munosabatlarni o‘zaro anglashuv hamda yaqin qo‘shnichilik ruhida mustahkamlashni davom ettirishga sodiqlikning yana bir isbotidir.


 
Uchrashuv doirasida “2019-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid