O‘zbekiston | 08:59 / 07.11.2019
45896
3 daqiqa o‘qiladi

Paxta terimi bilan bog‘liq majburiy mehnat holatlari aniqlandi

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Nukus shahar 1-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda Xo‘jayli tumanidagi 31-umumta'lim maktab rahbarlari MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan jarimaga tortildi. 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabariga ko‘ra, ular ishchi va xizmatchi xodimlarni paxta yig‘im-terim ishlariga majburan jalb etgan.

Jizzax viloyati Arnasoy tumani ATB “Xalq banki” boshqaruvchisi, hudud Tibbiyot birlashmasi bosh vrachi, Suvoqava DUK Arnasoy tumani filiali boshlig‘i ham qo‘l ostidagi xodimlarni paxta terimiga majburan yo‘naltirgani tufayli MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari qiymatida jarimaga tortildi.

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida joylashgan “Sevdiyot” fermer xo‘jaligi rahbariga terimchilar uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib bermagani sabab MJtKning 49-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy jarima qo‘llanildi.

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i xodimlarni paxta yig‘im terim vaqtida bajarilmagan ish hajmlari uchun pul mablag‘lari to‘lab bergan. Bu noqonuniy harakat MJtKning 49-moddasi 1-qismi bilan jarimaga tortildi.

Qarshi shahri “Obod” avtotrans MChJ direktori esa yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi “Damas” rusumli avtomobil haydovchilarini ularning roziligisiz paxta dalalariga terimchilarni tashishga majburlagani sabab bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari qiymatida ma'muriy jarima to‘laydigan bo‘ldi.

Toshkent viloyati Ohangaron tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Jizzax viloyati Zafarobod tumani Iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari, ayni viloyatning Mirzacho‘l tumani qurilish ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari terimchilar uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratmaganligi sababli ma'muriy jarimaga tortildi.  

Bu qatorda Andijon viloyati Ulug‘nor tumani hokimining birinchi o‘rinbosari ham bor. U paxta terish uchun kelgan ishchilarning yotoq joyida yetarli shart-sharoitlarni yaratmagan va bazaviy hisoblash miqdorining 7-10 barobari qiymatida ma'muriy jarimaga tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatning har qanday shakli qonunga xilofdir. Agar sizni paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlashsa yoki shunday holatga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, dmi.mehnat.uz sayti yoki mehnathuquqbot Telegram botiga murojaat qiling.

Mavzuga oid