Jamiyat | 19:30 / 07.11.2019
9717
3 daqiqa o‘qiladi

«Taqvoning kaliti niyat» yoki Qarshi shahridagi Nasaf ko‘chasiga kichik nazar

Har bir ishning rivojiyu, tanazzuli, eng avvalo, insonning niyatiga bog‘liq. Niyat boshdanoq yaxshi bo‘lsa albatta boshlangan ish ham xayrli yakun topadi. Agarda niyat yomon bo‘lsa, garchi u ko‘ngildagina tug‘ilgan taqdirda ham har qanday yumush parokandalikka uchraydi. Shu sababli ham muqaddas dinimizda “taqvoning kaliti niyat”, deb aytiladi.

Gapni uzoqdan aylantirib kelishimning boisi, ko‘rganlarim, bilganlarimni yozishda, fikr bildirish avvalida, ko‘nglimizda nima niyat borligini ochiq aytish bo‘ldi. Niyat xolis. Yozilganlar, ko‘rsatilganlar sabab bir muammo hal bo‘lsa-yu, odamlar xushnud bo‘lishsa bas.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari tahsinga loyiq. Ammo bu ishlar aksariyat hollarda markazlarda amalga oshirilyapti. Chekka joylar esa rahbarlar nigohidan chetda qolib ketyapti. Tasvirlarda ko‘rib turganingiz Qarshi shahridagi Nasaf ko‘chasi ham shular jumlasidan. Bu ko‘chada juda ko‘p korxona va tashkilotlar bor. “Osiyo” avtomobil ehtiyot qismlari bozori, mashina bozori, yog‘och va boshqa qurilish mollari bozori shular jumlasidan. Bu bozorlarga kuniga minglab odamlar, avtomobillar kelib ketadi. Ammo ko‘chaning ahvoliga “maymunlar yig‘laydi”.

Kuz-qish mavsumi yaqinlashgani sari bu yerda ishlovchilarning ham, kelib-ketuvchilarning ham yuraklari bezillaydi. Chunki yog‘ingarchiliklar bomba tushgandek o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib yotgan ko‘chani botqoqqa aylantirib tashlaydi. Mashinangiz g‘ildiragi qaysi chuqurda tiqilib qolishini faqatgina taxmin qilishingiz mumkin. Piyodalar yurishi uchun esa umuman sharoit yo‘q. Go‘yo bu ko‘cha odam yurishiga mo‘ljallanmagandek taassurot uyg‘otadi odamda.

Bu yerdagilarning aytishicha, qaysidir yili ko‘chani asfalt qilish harakati boshlangan. Uning bir tomoniga shag‘allar ham to‘kilgan, ammo nimadir sabab bilan ish birdan to‘xtagan va o‘sha-o‘sha siljimay yotibdi.

Gapni ko‘p cho‘zmadik, yuqorida aytganimizdek, yaxshi niyat qildik xolos. Maqsad bitta, Qarshi shahar mutasaddilari bu sho‘ring qurg‘ur ko‘chaga nurli nazar  tashlashsa ajab emas.  

Mansur Rixsiyev, jurnalist.

Mavzuga oid