— Mahalliy ichki yo‘llar yaxshilanib boryapti. Lekin magistral yo‘llardan sayyohlar, yuk mashina haydovchilari ko‘p norozi bo‘lib ketganiga guvoh bo‘lamiz. Yo‘llar nega bu ahvolga keldi?

— «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun bo‘yicha yo‘llar uchga bo‘linadi: umumiy foydalanishdagi yo‘llar, shaharlar va boshqa aholi punktlari yo‘llari va xo‘jalik avtomobillar uchun yo‘llar. Bularning har birining egasi bor. Umumiy foydalanishdagi yo‘llarga Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi egalik qiladi va ta’mirlash, qurish, saqlashga javobgar. Xo‘jalik yo‘llari jismoniy va yuridik shaxslar hisobida bo‘lishi mumkin. Shaharlar va boshqa aholi punktlari yo‘llari mahalliy hokimiyat idoralari tasarrufida bo‘ladi.

2017 yilda Harakatlar strategiyasi doirasida prezident qarori bilan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tashkil qilindi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad umumiy foydalanishdagi yo‘llar sifatini rivojlantirgan holda mintaqaviy avtomobil yo‘llari va shaharlar, aholi punktlari yo‘llari qurilishiga ham e’tibor berish. Umumiy yagona yo‘l siyosatini olib boruvchi idora sifatida qaralyapti qo‘mitaga. Unga ikki turdagi yo‘llarga ham qarash vazifasi yuklatildi. Hamma e’tibor shahar yo‘llariga qaratilib, tashkilotning o‘z balansidagi yo‘llarga e’tibor tushib ketdi. Oxirgi 3-4 yilda tayinli qish mavsumini ko‘rmadik. O‘tgan yilgi bahor va bu yilgi qish mavsumida aniq ko‘rdikki, biz to‘g‘ri yo‘nalishda emasmiz. O‘zi 2017 yilgacha ham yo‘llarimiz maqtanadigan emasdi. Faqat saqlab kelayotgandik.

— Davlat budjetidan har yili trillionlab mablag‘ ajratiladi. Qismlarga bo‘ladigan bo‘lsak, mutaxassislar oylik maoshlari, sohadagi boshqa xarajatlarga ketadi va qaysidir qismi yo‘l qurilishi, ta’mirlashi uchun ishlatiladi. Bundan tashqari, har yili moliya tashkilotlari mablag‘larini jalb qilish ko‘zda tutiladi. Biz yo‘l bo‘yicha qaysi bosqichdamiz va qaysi bosqichga o‘tishimiz kerak?

— Eng katta yutqazayotgan tomonimiz sonlar izidan quvayotganimiz. Bir yilda buncha yo‘l ta’mirlandi, bunchasi qurildi, deymiz. Nazarimda, bu to‘g‘ri emas. Eng muhimi qancha yo‘lni xalqaro standartlar darajasida ta’mirlaganimiz va qurganimiz, degan savolni o‘rtaga qo‘yish kerak. Sifat bo‘yicha mentalitet shakllanishi va har bir xodim sifat haqida o‘ylashi zarur. Xalqaro standartlarga keladigani bo‘lsak, biz juda orqadamiz bu bo‘yicha. Hozirgi kunda biz sinayotgan metodlar, qorishmalar iqlimimizga mutlaqo mos emas. Eski metodlardan foydalanib kelinyapti. Bu narsalar nima bilan, kim bilan bog‘liqligi menga qorong‘i.