Jamiyat | 11:48 / 08.11.2019
12061
2 daqiqa o‘qiladi

Primore o‘lkasida ikki nafar o‘zbekistonlik vafot etdi

Foto: arsenev.net

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi (Rossiya) bosh konsulxonasi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yil 30 oktabr kuni Primore o‘lkasi Arsenev shahrining markaziy kasalxonasida yo‘l-transport hodisasidan so‘ng O‘zbekiston fuqarosi I.N. vafot etdi. 

TIV xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan tergov organlari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov tadbirlari o‘tkazilmoqda.

5 noyabr kuni Chernigov tumanida is gazidan zaharlanish oqibatida O‘zbekiston fuqarosi B.R. vafot etdi.

Ikkala hamyurtimiz ham Primore o‘lkasida qonuniy ravishda yashagani va mehnat faoliyati bilan shug‘ullangani aytiladi.

Bosh konsulxona mazkur vaziyatlarni nazoratga olgan hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi Vakolatxonasi bilan birgalikda marhumlarning jasadlarini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy, tashkiliy va boshqa masalalarni hal qilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildirgan hamda eslatib o‘tishicha, Rossiyaning Uzoq sharq federal okrugi (Amur oblasti, Kamchatka o‘lkasi, Magadan oblasti, Primore o‘lkasi, Saxa Respublikasi (Yoqutiston), Saxalin oblasti, Yahudiy avtonom oblasti, Xabarovsk o‘lkasi, Chukotka avtonom okrugi) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Vladivostok shahridagi bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-423-260-48-00, +7-951-018-70-07.

Mavzuga oid