Jamiyat | 15:30 / 18.11.2019
11969
11 daqiqa o‘qiladi

Ipoteka-bank: Bank faoliyatini mijozga qaratilganligini ta'minlash yo‘lida

O‘zbekistonga kirib kelayotgan xorijlik investorlar oqimi kuchayib bormoqda. Ularning talabiga javob berish va kuchli raqobat muhiti shakllangan bir paytda banklar o‘z ish uslubini o‘zgartirishga, mijozlar xohish-istaklarini to‘liq qondirishga intilishi zarurat hisoblanadi. Bu jarayon «banklar transformatsiyasi» atamasi bilan nomlanadi. Ko‘pchilik transformatsiya natijasida tizim avtomatlashtiriladi, shu sababli xodimlar qisqarishi salbiy oqibatni yuzaga keltirishini ta'kidlashmoqda. Aslida, transformatsiya nima uchun kerak? Uning ahamiyati nimada? Ipoteka-bank Moliya bloki rahbari Aziz Muxitdinov bu haqda batafsil ma'lumot berdi.

Aziz Muxitdinov, «Ipoteka-bank» ATIB Moliya bloki rahbari

Nima uchun Ipoteka-bank transformatsiya loyihasini amalga oshirishga qaror qildi?

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» mamlakatning davlat va jamiyat rivojlanishi istiqbolini strategik rejalashtirish tizimiga sifat jihatdan yangi yondashuvlarni boshlab berdi. Bu borada, davlat organlari, nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan Davlat dasturini samarali amalga oshirishga qaratilgan, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar va xalqaro ekspertlarni faol jalb qilgan holda chinakam o‘zgarishlarga katta qadam qo‘yildi.

Shu bilan birga, muhtaram Prezidentimizning 2019 yilda mamlakatni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risida Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida «bank tizimiga xususiy va xorijiy kapital kirib kelishi hisobidan davlat banklari ulushini bosqichma-bosqich kamaytirib borilishi, bu o‘z navbatida sohada raqobat muhitini yaxshilanishiga, banklar faoliyatini, kreditlash sifati va madaniyatini har tomonlama oshirishga xizmat qilishi» ta'kidlab o‘tilgan edi.

Ushbu ustuvor vazifalarni amaliyotga izchil tatbiq etilishi banklar o‘zgarishi lozimligiga kuchli turtki bo‘ldi.

Bundan tashqari, bozorga xorijiy banklar kirmoqda, banklar o‘rtasida raqobatning keskin o‘sishi kuzatilyapti. Shu sababli, bozorda o‘z mavqeini saqlash va yanada o‘sish uchun tez sur'atlarda rivojlanish kerak, bunda esa ishlashning eski uslublari yetarli samara bermaydi. Shuning uchun ham bankni transformatsiya qilish maqsadga muvofiq, deb topildi. 

Ipoteka-bankning transformatsiya loyihasi o‘zida nimani mujassam qilgan?

– Bankimizning transformatsiya loyihasi – bu bugungi kundagi ixtisoslashgan bankni 2023 yilga kelib O‘zbekiston Respublikasidagi uchta lider banklar qatoriga kiradigan, zamonaviy universal tijorat bankiga o‘zgartirishni ko‘zda tutgan loyiha hisoblanadi. Bu holat bankdagi biznes-jarayonlarni optimallashtirish, xodimlarning professionallik darajasini yanada oshirish, bankning investitsion jozibadorligini oshirish orqali mijozlarimizga xizmat ko‘rsatishni yanada samaraliroq va sifatliroq tashkil etishga yordam beradi. Transformatsiya barcha tarkibiy bo‘linmalar, shu jumladan filiallarni ham qamrab oladi. Shundan kelib chiqib, bu jarayonni to‘g‘ri va ilmiy yondashgan holda tashkil etish uchun jahonda yuqori nufuzga ega bo‘lgan Xalqaro Moliya Korporatsiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik.

Loyiha doirasida xalqaro ekspertlar bilan birgalikda bankning joriy holati kompleks ekspertizadan o‘tkazilib, uni takomillashtirish bo‘yicha 14 ta ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Ular, asosan, korporativ boshqaruvni tubdan yaxshilash, risk-menejmentni to‘liq joriy qilish, biznes jarayonlar reinjiniringi, sotuvlar bilan ishlash va boshqalardir. Bank masshtabidan kelib chiqib, transformatsiyani har biri bir yildan iborat bo‘lgan 3 ta bosqichda amalga oshirish rejalashtirildi. 

Transformatsiya xodimlarga qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkin?

– Transformatsiya bankning barcha tarkibiy bo‘linmalari va xodimlariga ta'sir ko‘rsatadi. Bu jarayonda bankdagi barcha ichki me'yoriy hujjatlar, biznes jarayonlar, korporativ madaniyat, mijozga bo‘lgan munosabat, bankdagi mavjud mahsulotlar, dasturiy ta'minotlar va shu kabilar ilg‘or xalqaro tajriba asosida qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda ko‘proq yangilikka intilish, ko‘proq yangi bilimlar va ko‘nikmalarni olish, o‘z ustida ko‘proq ishlash, xalqaro tajribani o‘rganish kerak bo‘ladi.

Mazkur bosqichda eng og‘iri – xodimning o‘z fikrlashi va dunyoqarashini o‘zgartirishi hisoblanadi. Xodim eskicha fikrlashdan voz kechib, mijozni markazga qo‘yishi, mijozga qanday qilib qulay, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishni, uning bank mahsulotlariga bo‘lgan yangi talabini qondirish to‘g‘risida o‘ylashi kerak. Albatta o‘zgarish hammaga ham yoqavermaydi. Ayrim shaxslar yillar davomida shakllangan o‘zining «komfort zonasi»dan chetga chiqishni hohlamaydi. Ammo bu zamon talabi, o‘zgarishsiz rivojlanish bo‘lmaydi. Ayniqsa, «Ipoteka-bank» kabi davlat ulushi mavjud yirik bankning institutsional transformatsiyasi bankni tubdan o‘zgartirilishini va bu borada asoslangan va murakkab, ta'bir joiz bo‘lsa «og‘riqli» qarorlar qabul qilishni taqozo etadi. Transformatsiya jarayonida o‘zgarishni hohlamagan xodimlar tomonidan turli (ochiq va yashirin) ko‘rinishdagi qarshiliklar bo‘lishi, ularning boshqa joyga ishlashga o‘tib ketishi, optimizatsiya jarayonida xodimlarning bir qismi qisqartirilishi tabiiy hol hisoblanadi. Transformatsiya yo‘lini bosib o‘tganlar bo‘yicha ko‘plab misollar keltirish mumkin. Misol sifatida, Buyuk Britaniyaning Barclays va HSBC banklarini, Fransiyaning Societe General va BNP Paribas banklarini, Rossiya Federatsiyasining Sberbankini, Singapur davlatining DBS bankini, Ozarbayjon va Ukraina davlatlarining banklari transformatsiyalarini keltirish mumkin.

Bank tomonidan xodimlarni transformatsiya jarayoniga tayyorlash bo‘yicha nimalar qilindi?

– Bank rahbariyati tomonidan bu o‘zgarishlarni imkon qadar «og‘riqsiz» o‘tishi uchun barcha sa'y-harakatlar qilinmoqda. Bu jarayonlarni to‘g‘ri tashkil etish tartibi rivojlangan davlatlarda ancha oldin yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u «o‘zgarishlarni boshqarish» deb ataladi. 

Bank transformatsiyasida «o‘zgarishlarni boshqarish» alohida yo‘nalish sifatida belgilanib, bu bo‘yicha XMKning tajribali eksperti jalb qilingan. O‘zgarish jarayonida xodimlarda asosiy qo‘rquv o‘zgarish mohiyatini, maqsadini va undan kutilayotgan natijani bilmaslikdan kelib chiqadi.

Shu sababli, o‘zgarishlarni har bir xodimga yetkazish, ularda tug‘iladigan savollarga javob berish, ularni har tomonlama tayyorlash muhim hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, xalqaro tajriba asosida bankda xodimlarni o‘zgarishlarga tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Bular quyidagilar:

  • har bir xodimga (bog‘bondan tortib rahbargacha) Boshqaruv raisi nomidan bosqichma-bosqich transformatsiya boshlanganligi, undan ko‘zlangan maqsad, unda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha xatlar yuborildi;
  • Boshqaruv raisining xodimlarga video-murojaati tayyorlanib, uni filiallardagi har bir xodimga yetkazish uchun yuborildi;
  • bankda qo‘llab-quvatlash liniyasi (Helpline) tashkil etildi. Bunda xodimlar uchun alohida elektron pochta manzili va alohida ichki telefon raqami ajratildi. Xodimlar hohlagan vaqtlarida o‘zlarini qiziqtirgan yoki qiynayotgan savollarini yuborishlari, mavjud muammolarni ko‘tarishlari, takliflarini kiritishlari uchun imkoniyat yaratildi;
  • autrich sessiya (Outreach Session)lar tashkil etildi. Bu sessiyalar doimiy ravishda shaxsan Boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlari ishtirokida hududlarga chiqqan holda, xodimlar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazish, xodimlarning savollariga javob topishdan iborat bo‘ldi;
  • xodimlar uchun bankning ichki sayti (intranet website) tashkil etildi. Intranet bankning ichki hayotini yoritib borish, xodimlarga bir-birlari bilan ma'lumot va fikr almashishlari uchun o‘ziga xos maydoncha vazifasini bajarmoqda;
  • «Boshqaruv raisi bilan qahva» tadbiri joriy qilindi. Bu jarayon Boshqaruv raisining xodimlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti, unda xodimlarning savollariga javob berish, ularning fikr va takliflarini eshitishdan iborat.

Transformatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun qanday madaniyat zarur bo‘ladi?

– Buning uchun natijaga qaratilgan madaniyatga o‘tish lozim. Bunda boshqarishning demokratik modeli qo‘llanilib, har bir ishtirokchi o‘zining nuqtai nazarini bildirishga va ovoziga ega bo‘lishi kerak. Har bir ishtirokchi dunyoqarashini va o‘zini tutishini shunchalik o‘zgartirishi kerakki, breynstorming o‘tkazish orqali ishtirokchilarning fikrlarini birlashtirgan holda sinergiya tashkil etish va g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish mumkin bo‘ladi.

Transformatsiya loyihasi doirasida qilingan ishlar haqida ma'lumot bersangiz.

– XMK bilan 3 ta kelishuv imzolandi hamda Hukumat darajasida 4 ta hujjat qabul qilindi. Bank va XMK bilan imzolangan kelishuvlar asosida:

  • bankka 15 nafardan ziyod tajribali xalqaro ekspertlar jalb qilindi;    
  • bankni zamonaviy tijorat bankiga o‘zgartirish (institutsional transformatsiya qilish) Dasturi ishlab chiqildi;
  • O‘zbekistonda ilk bor davlat ulushi mavjud bo‘lgan Ipoteka-bank Kuzatuv kengashi tarkibiga xalqaro tajribaga ega bo‘lgan 3 nafar «mustaqil direktorlar» saylandi;
  • bankning tashkiliy tuzilmasi butunlay qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro andozalarga moslashtirildi;
  • bank filiallari bosqichma-bosqich yangi (optimallashtirilgan, front va bek ofisga ajratilgan) formatga o‘tkazilmoqda;
  • Respublika bank tizimi tarixida ilk marta XMK tomonidan davlat ulushi mavjud bo‘lgan tijorat bankiga investitsiya kiritish masalasi korporatsiyaning kollegial organlarida muhokama qilinib, Ipoteka-bankka dastlabki kelishilgan 20 mln. o‘rniga 35 mln. AQSh dollari ekvivalentida, aksiyalarga ayirboshlash imkoniyati mavjud bo‘lgan kredit liniyasini ajratish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilindi.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid