Iqtisodiyot | 08:18 / 18.11.2019
16514
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi ochiqlandi

Foto: Shutterstock

2019 yilning yanvar-oktabr oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi hajmi 34,7 mlrd dollarni tashkil etib, 8,8 mlrd dollarga yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34,4 foizga oshgan. 

Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichdan eksport hajmi 14,8 mlrd dollarga (o‘sish sur'ati – 43,3 foiz) va import hajmi esa 19,9 mlrd dollarga (o‘sish sur'ati – 28,5 foiz) yetdi. Hisobot davrida 5,1 mlrd dollar qiymatida passiv tashqi savdo aylanmasi qayd etildi.

O‘zbekiston jahonning 189dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Respublika tashqi savdo aylanmasining dunyo davlatlari qatoriga nisbatan salmoqli hissasi Xitoy Xalq Respublikasida (19,1 foiz), Rossiya Federatsiyasida (15,1 foiz), Qozog‘istonda (8,4 foiz), Koreya Respublikasida (6,5 foiz), Turkiyada (5,9 foiz), Germaniyada (2,4 foiz) va Qirg‘izistonda (2,0 foiz) qayd etilgan. 

2019 yil yanvar-oktabr oylari yakunlariga ko‘ra MDH mamlakatlari bilan savdo hajmi 11,8 mlrd dollarni tashkil qildi va O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 34,2 foizga yetdi. 

Qo‘shni davlatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishi o‘zaro savdo-sotiq aloqalariga ham ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. MDH mamlakatlari bilan tashqi savdoning qariyb 37,4 foiz, shundan eksportning 42,2 foizi va importning 33,6 foizi qo‘shni mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Boshqa xorijiy davlatlarning tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 65,8 foizga yetib (22,8 mlrd dollar), o‘tgan yilning mos davridagi tashqi savdo aylanmasiga nisbatan 52,0 foizga oshgan. 

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor-davlatlar orasidan ikki davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan, xususan, Tojikiston (120,6 mln. AQSh dollari) va Eron (5,7 mln. AQSh dollari). Qolgan 18 ta davlatlar bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda. 

Mavzuga oid