O‘zbekiston | 07:47 / 25.11.2019
137298
3 daqiqa o‘qiladi

Yana bir soha xodimlarining oyligi oshiriladi

Foto: KUN.UZ

Sport ta'lim muassasalari rahbarlari va xodimlarining ijtimoiy mavqei va nufuzini oshirish rejalashtirilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2020 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida aytiladi.

Qayd etilishicha, sport ta'lim muassasalari direktori, uning o‘rinbosarlari, metodistlar, seleksiya bo‘yicha trenerlarning bazaviy tarif stavkalarini quyidagi miqdorlarda oshirish mo‘ljallanmoqda: 

oliy toifali trenerlar uchun – 1,25 baravarga;

birinchi toifali trenerlar uchun – 1,2 baravarga;

ikkinchi toifali trenerlar uchun – 1,15 baravarga;

mutaxassis trenerlar uchun – 1,1 baravarga;

direktor, uning o‘rinbosarlari, metodistlar seleksiya bo‘yicha trenerlar uchun 1,1 baravarga.

Ijro muddati - 2020 yil yanvardan, moliyalashtirish manbalari - O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti. Mas'ul ijrochilar - Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi.

Bundan tashqari, sportning jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha tuman (shahar), viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari, ularning trenerlari va jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini rag‘batlantirish tizimini joriy etish mo‘ljallanmoqda.

Bu borada normativ-huquqiy hujjat qabul qilinadi. Unda “Bolalar olimpiya o‘yinlari”ning jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha:

respublika bosqichi g‘oliblariga (1 o‘rin) oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarida soha bo‘yicha mutaxassislik fanlaridan maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilish;

g‘oliblarni tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdirlash;

g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari, sport ta'lim muassasalarining trenerlari attestatsiyaga jalb etilmasdan ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka toifalari berish nazarda tutiladi.

Ijro muddati - 2020 yil fevral, moliyalashtirish manbalari - O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti. Mas'ul ijrochilar - Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid