Sport | 23:08 / 27.11.2019
16438
2 daqiqa o‘qiladi

«Manchester siti» ishtirokida sport tarixidagi rekord bitim tuzildi - OAV

AQShning Silver Lake investitsion kompaniyasi «Manchester siti» klubining egalaridan biriga aylanadi. Bu haqda Financial Times nashri manbalarga asoslanib xabar berdi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Silver Lake 500 mln dollarga «Manchester siti»ga egalik qiluvchi City Football Group (CFG) kompaniyasining 10 foiz aksiyasini sotib oladi. CFG o‘z navbatida Abu Dhabi United Group (ADUG) ’ga tegishli hisoblanadi. CFG narxi 4,8 mlrd dollarga baholangan. Nashrning ta'kidlashicha, ushbu bitim sport biznesi nuqtai nazaridan rekord bitim hisoblanadi.   

CFG direktorlar kengashi raisi Xoldun Al Muborak va Silver Lake’ boshqaruvchi hamkori Egon Durban tegishli kelishuvni 24 noyabrda imzolashgan. Ma'lum qilinishicha, Abu Dhabi United Group kompaniyasi CFG aksiyalarining nazorat paketini o‘zida saqlab qolmoqchi.  

ADUG egasi BAA podshohlik oilasi a'zosi, tadbirkor Mansur bin Zoid Ol Nahayon hisoblanadi. Oxirgi yillarda CFG Al Muborak raisligi ostida butun dunyo bo‘ylab futbol klublari xarid qila boshladi. Ayni vaqtda kompaniyaga “Nyu‑York siti”, “Jirona”, “Torke”, “Atletiko Madrid”, “Manchester yunayted”, “Melburn siti” va boshqa klublar tegishli.

Silver Lake kompaniyasi Alibaba, Dell va Skype kabi texnologik kompaniyalarga investitsiya kiritgan. Biroq kompaniya yaqinda Ultimate Fighting Championship (UFC)ga va Hollivudning Endeavour agentligiga ham sarmoya kiritishga qaror qilgan.

Mavzuga oid