Yevrokuboklar ikki haftalik tanaffusga chiqqach, Yevropa maydonlarida ichki chempionat uchun qizg‘in bahslar start oladi. Angliyada kubok finalchilari aniqlansa, Italiyada Chempionlar ligasi yo‘llanmalari uchun juda ahamiyatli bo‘lgan ikki uchrashuv bor. Ispaniyada esa nihoyat «Barselona» ikki yillik tanaffusdan so‘ng, ilk sovrinini qo‘lga kiritishi mumkin. 

17 aprel (shanba)
Angliya kubogi. Yarimfinal
CheLSI – MANCheSTeR SITI
O‘yin boshlanish vaqti: 21:30
Ushbu mavsumda Chempionlar Ligasi finalida to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan juftlik uchun o‘ziga yarasha mashg‘ulot. Shunchaki, mashg‘ulot emas, g‘olibga Angliya kubogi finali uchun «Uembli»da maydonga tushish imkoniyati beriladi. Bu jamoalar oxirgi uch yilda bir martadan ushbu sovrin egasiga aylanishgan, o‘tgan yili esa «Siti» yarimfinalda, «Chelsi» esa finalda «Arsenal»ga imkoniyatni boy bergandi. 
APL turnir jadvaliga qaralsa, jamoalar o‘rtasidagi farq juda kattadek, ammo o‘lchovni Tuxel Londonga kelgan davr bilan olganda, teng kuchdagi raqiblar ham deyish mumkin. Hatto Tuxel jamoasi ochko yig‘ishda «Siti»dan qolishmadi, faqat bir marotaba, bir o‘yinchi kam bo‘lib qolgan holatda mag‘lubiyatga uchradi xolos. 
Umuman Tuxel «Chelsi»sining o‘yiniga chuqurroq nazar tashlansa, vaziyat yaratish borasida ham, hujumlarning samaradorligi jihatdan ham, jamoa aynan top raqiblarga qarshi yaxshiroq ko‘ringan. Tuxel qachonki, raqibdan kelib chiqib taktika tanlaganida futbolchilar muvaffaqiyatliroq to‘p sura olishgan. «MYu», «Tottenhem», «Atletiko», «Liverpul», «Everton»ga qarshi bahslarda jamoa ko‘proq hujum qilgan, ko‘proq xavfli vaziyatlar yarata olgan. Aksincha, «Lids», «Vulvz», «Portu», «Sauthempton» bilan o‘yinlar Tuxelning eng yomon o‘yinlari sirasiga kiradi, demak bugungi o‘yinda «Chelsi»dan yanada faolroq o‘yin kutishimiz mumkin.
Tarkiblarda manchesterliklar safida Aguero yana bir necha kunga safdan chiqqan bo‘lsa, «Chelsi» safida Kovachichning maydonga tushishi so‘roq ostida. Har ikki jamoa Chempionlar Ligasida qiyin o‘yinlar o‘tkazishganini e'tiborga olsak, tabiiyki, murabbiylar rotatsiyaga qo‘l urishlari mumkin. Va albatta, uchrashuvning eng katta intrigasi – Timo Verner qachon gol uradi? O‘tgan mavsumda Bundesliga to‘purarlaridan biri 2021 yilda atigi 2 gol urdi va oxirgisi ikki oy oldin sodir bo‘lgandi.