O‘zbekiston | 21:26 / 27.11.2019
26199
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkonsert» direktori litsenziyani olish va qaytarib berish masalasida izoh berdi

So‘nggi oylarda ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi faoliyatini tugatish haqida turli chaqiriqlar yuzaga kelib, internet foydalanuvchilari o‘rtasida keng muhokama qilinmoqda.

Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev OAV vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ushbu mavzudagi bahslarga o‘z munosabatini bildirdi.

«Haqiqatan tashkilot tarmoqlarda juda shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Agar biz kimningdir gapiga kirib, «O‘zbekkonsert» davlat tashkilotini yopadigan bo‘lsak, ko‘p narsada yutqazamiz. Yopish oson, tashkil qilish qiyin. Biz hozir hukumatga «O‘zbekkonsert» faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida taklif kiritganmiz. Ochiq aytaman, bu tashkilotni yopish to‘g‘risida emas.

Ayni paytda estrada xonandalari ichida biror korxonada muqim ishlaydigani yo‘q. Ularning hammasi tadbirkor. Tadbirkor faoliyatini to‘xtatib bo‘lmaydi. Ularni boshqarib, bosh bo‘lib turadigan bu «O‘zbekkonsert». Ushbu muassasa faoliyatini qayta ko‘rib chiqamiz. 

Bitta narsani tushunib olinglar, hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari. «O‘zbekkonsert»ning litsenziyani qaytarib olishga haqi yo‘q. Bu tadbirkorlik faoliyati. Lisenziyani 10 kunga to‘xtatadi hamda shu 10 kun ichida «O‘zbekkonsert» o‘sha tadbirkorni sudga beradi. Lisenziyani to‘xtatish yoki bekor qilish sud vakolatiga kiradi», deya Madaniyat vazirining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorovning ta'kidlashicha, xalq bilan bevosita ishlaydigan ayrim soha vakillariga litsenziya kerak. 

«Hammamizga ma'lumki, respublikamizdagi islohotlarning aksari jamoatchilik fikriga asosan bajarilyapti. Lisenziyani olish va qaytarib berish masalasi ham jamoatchilik fikridan kelib chiqib, amalga oshirildi. Ya'ni, Jahongir Otajonovning litsenziya masalasi bo‘yicha jamoatchilik tomonidan tok-shoular, ko‘rsatuvlar qilindi. Bu yurtimizdagi so‘z erkinligi va olib borilayotgan islohotlarning bir natijasi, deb o‘ylayman. 

San'atkorlarga litsenziya kerak yoki kerak emasligini hal qilish mening vakolat doiramga kirmaydi. Vazifam bugungi kunda mavjud qonunchilik asosida faoliyat olib borish. Shaxsiy fikrimni bildirmoqchi bo‘lsam, xalq bilan bevosita ishlaydigan ayrim soha vakillariga litsenziya kerak. Masalan, televideniye, saytlar faoliyati ham litsenziyalangan-ku?», deydi Odil Abduqahhorov.

«O‘zbekkonsert» rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, mazkur tashkilotga davlat budjetidan mablag‘ ajratilmaydi. Ularning moliyaviy manbasi xonandalar tomonidan litsenziyaga beriladigan mablag‘lar hisoblanadi. Lisenziya uchun qilingan to‘lovlar Madaniyat vazirligi qoshidagi madaniyat va san'atni rivojlantirish fondiga tushadi.

Joriy yilning 9 oy holatiga ko‘ra, «O‘zbekkonsert»dan litsenziya olib faoliyat yuritayotgan san'atkorlar soni 3 ming 654 nafarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 3 ming 172ta bo‘lgan.

Mavzuga oid