O‘zbekiston | 09:33 / 30.11.2019
5272
5 daqiqa o‘qiladi

Hududlar hunarmandchilikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtiriladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining respublika hududlarini hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirish va ularga hunarmandchilik mahsulotlarini chet el bozorlarida namoyish etish va sotish uchun ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini biriktirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari “Hunarmand” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari murojaatiga asosan o‘ziga biriktirilgan hududlardan boshqa hududlarda faoliyat yurituvchi hunarmandlar mahsulotlarini chet elda namoyish etish va sotishda ham har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (Ne'matov) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Qudratov), Savdo-sanoat palatasi (Ikromov), “Hunarmand” uyushmasi (Abdullayev) bilan birgalikda respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali mazkur vakolatxonalar joylashgan va boshqa yirik shaharlarda hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini namoyish etish va sotish uchun milliy hunarmandchilik va xalq amaliy san'ati mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, yangi bozorlarni o‘zlashtirishga ko‘maklashuvchi “savdo uylari” va milliy hunarmandchilik mahsulotlari do‘konlarini tashkil etish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasining:

“Xalq amaliy san'ati ustalarining milliy katalogi”ni joriy etish;

“Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ni yuritish;

Xalq amaliy san'ati ustalarining milliy katalogiga kiritiladigan nomzodlarni tanlash bo‘yicha kengashni tuzish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Belgilanishicha:

a) Milliy katalogga quyidagi hunarmandlar Kengash qarori asosida kiritiladi:

nufuzli xalqaro ko‘rgazma, ko‘rik-tanlov kabi tadbirlarda g‘olib yoki laureat sifatida e'tirof etilganlar;

tegishli sohada san'at va fan arbobi hamda akademiklarning tavsiyasiga egalar;

“O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoniga egalar;

b) Reyestrga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan “Hunarmand” uyushmasining quyidagi a'zolari kiritiladi:

turistik marshrutdagi manzil bo‘yicha o‘z ustaxonasida yoki ijara asosida faoliyat yurituvchilar;

o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni galereyalar, hunarmandchilik mahsulotlari do‘konlari, mahalliy va xorijiy savdo uylariga shartnoma asosida namoyish va sotish uchun qo‘yayotganlar;

Milliy katalogga kiritilganlar;

“Hunarmand” uyushmasining Badiiy kengashi tomonidan tavsiya etilganlar.

2020 yil 1 yanvardan boshlab:

2023 yil 1 yanvarga qadar Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlar uchun kalendar yili davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) sotishdan tushgan tushumi 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdori uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yagona soliq to‘lov stavkasi 2 foiz miqdorida to‘lanadi;

hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan davlat ro‘yxatidan o‘tishda to‘lanadigan davlat boji yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun amalda belgilangan davlat boji miqdorining 50 foizi miqdorida o‘rnatiladi;

Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlarga shogirdlar soni bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi;

ko‘rgazma zallari, galereyalar, pavilonlar, bozor va yarmarka rastalarida namoyish qilish va sotish uchun joylar, faoliyatini kengaytirish uchun ixtisoslashtirilgan hunarmandchilik majmualarida yer uchastkalari ajratilishida Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlar uchun ustuvorlik qo‘llaniladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid