Jamiyat | 18:20 / 03.12.2019
30399
6 daqiqa o‘qiladi

«Optimist»: Sportni tanlamaganimda g‘irt bekorchi bo‘lib yurishim ham mumkin edi

Ko‘zi ojiz, ammo maqsadini aniq ko‘rayotgan sportchi bilan suhbat

«Sport kundalik hayotimning bir bo‘lagiga aylangan. Boshqa narsalar men uchun ikkinchi darajali. Bir kun mashg‘ulotlarim qolib ketsa ham bezovta bo‘laman, bugun shug‘ullanmadim, oldinda musobaqalar bor, nima bo‘lar ekan, deb o‘ylanaman...»

O‘zbekiston Milliy Paralimpiya terma jamoasi a'zosi San'at Normetov «Optimist» ruknining navbatdagi qahramoni. U baxsiz hodisa tufayli 3 yil muqaddam ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lsa-da, katta maqsadlar sari intilib yashayapti. U hayot mazmunini sportda qayta kashf qilgan.

1995 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan San'at Normetov Urganch davlat universiteti jismoniy madaniyat fakulteti ikkinchi bosqich talabasi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sportga qiziqish bolalikdanoq bo‘lgan, ammo shug‘ullanish uchun sharoit yetarli emas edi.

«Toshkent shahriga kelganimdan keyin kollejimizda o‘qiydigan bir o‘rtog‘im sabab bo‘lib, «Paxtakor» stadionida hozirgi murabbiyim Sardor aka Abduxoliqov bilan tanishganman. 2016 yildan boshlab yengil atletikaning yugurish turi bilan professional tarzda shug‘ullana boshladim», deydi u.

San'at Paralimpiya terma jamoasi a'zosi ekanini ayricha faxr hissi bilan e'tirof etadi: - Milliy terma jamoaga kirishim juda ham qiyin bo‘lgan. Musobaqalarda bir martada kutilgan natijaga erishmaganman. Birinchi emas, ikkinchi bo‘lib qolaverardim. Baribir terma jamoa safida bo‘lish, menimcha, boshqacha. Bu qandaydir g‘urur, so‘z bilan tushuntirib bera olmayman. Terma jamoa a'zosi bo‘lganingizdan keyin davlatning formalarini kiyib yurish hammaga ham emas-da. Bu loyiq bo‘lganlargagina nasib qilsa kerak, deb o‘ylayman.

Qahramonimizning sport murabbiyi Sardor Abduxoliqov shogirdining tirishqoqligini alohida ta'kidlaydi.

«San'atning yutug‘i uning tirishqoqligi, hech qachon ortga chekinmasligi, hayotga, yashashga bo‘lgan intilishida. Sog‘lom insonlar kabi hayotda, jamiyatda o‘z mavqeyiga ega bo‘lishga harakati hozirgi kungacha terma jamoada o‘z o‘rnini saqlab qolishga va yuqori natijalarga erishishga undab kelmoqda», deydi murabbiy.

Sportchi o‘zi uchun eng qadrli g‘alaba sifatida 2020 yilda Tokioda o‘tkaziladigan 16-yozgi Paralimpiya o‘yinlari uchun joriy yilning may oyida o‘tkazilgan saralash musobaqasidagi natijasini ko‘rsatadi. Hozir ham yaqin to‘rt yillikning eng yirik musobaqasi hisoblangan Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

San'at Normetov bir o‘zi yugurmaydi. Mashg‘ulotlarda ham, musobaqa va chempionatlarda ham uning yordamchisi, uning uchun ham ko‘z, ham qo‘l va oyoq bo‘la oladigan bu Sherzod Turg‘unov. U Milliy terma jamoa a'zosi. Ular qo‘llarini bir-birlariga bog‘lagan holda bir tan-u bir jondek harakat qilishadi.

«San'at Normetov bilan murabbiyimiz Sardor aka orqali tanishganmiz. U bilan birga yugurish menga qiyinchilik tug‘dirmaydi. San'at bilan shug‘ullanganim o‘zimning sportim qolib ketyapti, degani emas. Nogiron sportchi bilan yonidagi yordamchi sportchining o‘rtasida juda ham katta farq bo‘lishi kerak. Yordamchi sportchi ikki barobar kuchli bo‘lishi kerak.Chunki u ikki barobar kuchli bo‘lmasa, nogiron sportchini torta olmaydi. Ikkalasining kuchi teng bo‘lsa, bir-biridan o‘ta olmaydi. Oyoq-qo‘llarimizni bir-biriga tushirish uchun juda ham katta kuch, juda katta chidam kerak bo‘ladi», deydi Sherzod Turg‘unov.

San'at Normetov sportda qiyinchiliklar ko‘p bo‘lishi, ammo chekinishlar uzoqqa cho‘zilmasligi, stadion yana o‘ziga chorlayverishi haqida gapirdi.

«Sportda har xil vaziyat bo‘lishi mumkin. Musobaqada kutilgan natijalar chiqmay qolishi mumkin. Ba'zi paytlarda qo‘l siltab ketib qolishlar bo‘ladi. E bo‘ldi, deysiz, lekin baribir 2-3 kundan keyin mashg‘ulotlarning xumori tutadi. Aylanib stadionga kelib qolganingizni bilmay ham qolasiz.

Sportni tanlamaganimda g‘irt bekorchi bo‘lib uyda o‘tirishim ham mumkin edi. Sport irodamni mustahkamladi, yashashga bo‘lgan qiziqishni qayta uyg‘otdi, desam ham bo‘ladi», deydi u.

Ayni damda uning oldidagi eng katta maqsadi Tokioda bo‘lib o‘tadigan 16-yozgi paralimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritish va u buning uchun tinimsiz mehnat qilmoqda.

Kun.uz sportchining bu maqsadga erishishida muvaffaqiyat tilaydi!

San'at Normetov bilan suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi videoda ko‘rishingiz mumkin.

Saodat Abdurahmonova, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid