Jahon | 09:37 / 04.12.2019
6925
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh aviakompaniyasi 50 ta Airbus samolyotiga buyurtma berdi

AQShning United Airlines aviakompaniyasi Airbus kompaniyasining A321XLR modelidagi 50 samolyotini xarid qilishga buyurtma berdi. Xaridning umumiy qiymati 7 mlrd dollarni tashkil qiladi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi. 

Yangi samolyotlar 15 yil avval ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan Boeing 757-200 samolyotlari o‘rnini egallaydi. Ayni vaqtda AQSh aviakompaniyasi 75 ta shunday samolyotdan foydalanadi. Ularni Boeing 757-200 MAX samolyotlari bilan almashtirish ko‘zda tutilgandi, biroq Boeing 737 MAX samolyotlari Indoneziya va Efiopiyada halokatga uchragandan keyin Boeing’da yuzaga kelgan muammolar sababli aviakompaniya boshqa yechim izlashiga to‘g‘ri kelgan. 

Ta'kidlanishicha, aviakompaniya A321XLR’larni 2024 yildan xarid qila boshlaydi. 

United Airlines vitse-prezidenti Endryu Nosellaning ta'kidlashicha, yangi samolyotlar aviakompaniyaga yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirishga imkon beradi. 

A321XLR modeli A321neo’ning oxirgi modifikatsiyasi bo‘lib, avvalgi avloddagi modellarga nisbatan 30 foiz kamroq yoqilg‘i sarflaydi. U, shuningdek, tor fyuzelyajli samolyotlar uchun rekord uzoqlikka uchishi (8,7 ming kilometr) bilan ajralib turadi. Jumladan, samolyot AQShning sharqiy qismidan Yevropaga qo‘nishsiz parvozlar amalga oshirishga imkon beradi.  

Mavzuga oid