O‘zbekiston | 21:45 / 04.12.2019
10356
2 daqiqa o‘qiladi

Baliqchilik sohasidagi rejalar ma'lum qilindi

2020 yilda respublika bo‘yicha baliq yetishtirish ko‘rsatkichini 300 ming tonnaga, ushbu tizimda band bo‘lgan ishchi o‘rinlari sonini 2 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Bu haqida 4 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lumot berildi.

«O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi raisi Omon Musayevning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilda 2,1 mln dollar qiymatidagi 433 tonna baliq mahsuloti eksport qilingan. 2019 yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 579 tonnaga yetkazish, natijada baliq ekportidan tushadigan daromadni 2,5 mln dollarga oshirish ko‘zlanmoqda.

«2020 yilda eksportbop baliq turlarini nafaqat tirik holda, balki qayta ishlangan ko‘rinishda ham eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Buning uchun kelasi yilda baliqni qayta ishlash bo‘yicha 27ta qo‘shimcha quvvat tizimlari yaratiladi. Shuningdek, 18ta to‘liq tizimli baliqchilik klasterlarini tashkil etish hamda ularda yiliga 8 ming tonnagacha baliq yetishtirishni maqsad qilganmiz», deya Omon Musayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, baliqlar uchun oziq bazasini yaxshilash maqsadida 2020 yilda yuqori proteinli quvvati 50 ming tonna bo‘lgan 10ta yem korxonasini ishga tushirish, natijada umumiy oziq bazasini 435 ming tonnaga yetkazish kutilmoqda.

Mavzuga oid