O‘zbekiston | 14:34 / 04.12.2019
19608
9 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks loyihasi e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksi loyihasi e'lon qilindi. Tegishli qonun loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, ma'muriy huquqbuzarliklarga oid qonun hujjatlari qonuniylik, qonun oldida tenglik, insonparvarlik, odillik, tekshirish, ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi, shaxsiy daxlsizlik va mulk daxlsizligi prinsiplariga asoslanadi.

Qonuniylik prinsipi

Kodeksda belgilangan tartib va asoslarda ko‘rsatilganidan boshqacha tarzda ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida ish yuritish, ma'muriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka tortish, ta'sir choralarini qo‘llash mumkin emas.

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan organlar (mansabdor shaxslar) Kodeks talablariga amal qilishi shart. Ushbu organlar (mansabdor shaxslar)ning ma'muriy ta'sir choralarini qo‘llashi ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.

 Qonun oldida tenglik prinsipi

Jismoniy shaxslar ma'muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun ma'muriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka jinsi, irqi, millati, tili, kelib chiqishi, mulkiy yoki mansabdorlik holati, yashash joyi, dinga munosabati, nodavlat notijorat tashkilotlariga mansubligidan qat'i nazar tortiladilar.

Yuridik shaxslar ma'muriy huquqbuzarlik sodir qilganlik uchun mulk shakli, joylashgan joyi, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar ma'muriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka tortiladilar.

 Insonparvarlik prinsipi

Ma'muriy jazo ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsning qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamaydi.

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda shaxsning sha'nini yerga uradigan va qadr-qimmatini kamsitadigan qarorlar va harakatlar qilish taqiqlanadi, shaxsiy hayot to‘g‘risidagi ma'lumotlarni to‘plash, qo‘llash va tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 Odillik prinsipi

Ma'muriy jazo chorasi odilona bo‘lishi, ya'ni ma'muriy huquqbuzarlikning og‘ir-yengilligiga, aybning va shaxsning qonunga xilof harakati yoki harakatsizligi darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak.

Hech qaysi shaxs bitta ma'muriy huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

 Tekshirish prinsipi

Ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirishi shart.

Zarurat bo‘lganda, ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan dalillar bilan cheklanmasdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z tashabbusi bilan qo‘shimcha dalillar yig‘ishga haqli.

 Ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipi

Ma'muriy huquqbuzarlik yuzasidan shaxs aybi isbotlangan ma'muriy huquqbuzarlik uchungina javobgar bo‘ladi.

Qilmishida ma'muriy huquqbuzarlik tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs ushbu Kodeksda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi shart.

 Shaxsiy daxlsizlik

Hech kim asossiz ravishda ma'muriy yo‘l bilan ushlab turilishi, shaxsni va narsalarni ko‘zdan kechirish uchun vakolatli organga keltirilishi mumkin emas.

Ma'muriy qamoqqa olish jazosi mazkur Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda faqatgina sud qarori bilan qo‘llanilishi mumkin.

 Mulk daxlsizligi

Hech kim o‘z mol-mulkidan sud qarorisiz mahrum qilinishi mumkin emas. Ashyolarni ko‘zdan kechirish, ashyolar va hujjatlarni olib qo‘yish, transport vositalarini boshqarishdan mahrum qilish, transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish faqat ushbu Kodeks va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilgan hollarda va tartibda o‘tkazilishi mumkin.

 Ma'muriy huquqbuzarliklarning oldini olish

Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ma'muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sodir etilishiga olib keluvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etishga, fuqarolarni ongli, intizomli bo‘lish, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan tadbirlar ishlab chiqadilar va ularni amalga oshiradilar.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga ham muvofiq qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini ta'minlash choralarini ko‘rib, o‘z hududlarida barcha davlat organlari va jamoat birlashmalarining ma'muriy huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlarini muvofiqlashtirib turadilar, ichki ishlar organlari, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar hamda ularga hisobdor ma'muriy huquqbuzarlik bilan kurash olib boruvchi boshqa organlar faoliyatiga rahbarlik qiladilar.

 

Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining amal qilishi

Ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bu huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joyda amal qilib turuvchi qonun hujjatlari asosida javobgarlikka tortiladi.

O‘zbekiston Respublikasining bayrog‘i ostidagi yoki O‘zbekiston Respublikasining portida ro‘yxatga olingan va O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ochiq havo yoki suv bo‘shlig‘ida bo‘lgan kemada ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Kodeksga muvofiq ma'muriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka tortiladi.

Ma'muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar orqaga qaytish kuchiga egadir, ya'ni ushbu hujjatlar chiqqunga qadar sodir etilgan huquqbuzarlik hollariga ham taalluqlidir. Ma'muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilovchi yoki javobgarlikni kuchaytiruvchi hujjatlar esa orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lmaydi.

Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotgan vaqt amal qilib turgan qonun hujjatlari asosida yuritiladi.

Ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bu huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joyda amal qilib turuvchi qonun hujjatlari asosida javobgarlikka tortiladi.

O‘zbekiston Respublikasining bayrog‘i ostidagi yoki O‘zbekiston Respublikasining portida ro‘yxatga olingan va O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ochiq havo yoki suv bo‘shlig‘ida bo‘lgan kemada ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Kodeksga muvofiq ma'muriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka tortiladi.

Ma'muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar orqaga qaytish kuchiga egadir, ya'ni ushbu hujjatlar chiqqunga qadar sodir etilgan huquqbuzarlik hollariga ham taalluqlidir. Ma'muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilovchi yoki javobgarlikni kuchaytiruvchi hujjatlar esa orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lmaydi.

Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotgan vaqt amal qilib turgan qonun hujjatlari asosida yuritiladi.

Ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan paytda o‘n olti yoshga to‘lgan, aqli raso jismoniy shaxslar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma'muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortiladi.

 Aqli rasolik

Ma'muriy huquqbuzarlik sodir etish vaqtida o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ijtimoiy zararli xususiyatini anglagan va ularni boshqara olgan shaxs aqli raso shaxsdir.

Ma'muriy huquqbuzarlik harakat yoki harakatsizlik sodir etgan vaqtida aqli norasolik holatida bo‘lgan shaxs, ya'ni ruhiy holatining surunkali yoki vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoxud boshqa xil kasallik oqibatida o‘z harakatining (harakatsizligining) ahamiyatini idrok eta olmagan yoki boshqara olmagan shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

 Yuridik shaxslar ma'muriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarligi

Yuridik shaxslar ushbu Kodeksda belgilangan ma'muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortiladilar.

Agar ma'muriy huquqbuzarlik yuridik shaxsning boshqaruv organlari qaroriga binoan emas, balki uning mansabdor shaxsi yoki xodimining tashabbusi bilan sodir etilsa va bu harakatlar tashkilot uchun biron-bir imtiyoz yoki afzalliklarni olib kelmasa, yuridik shaxs emas, balki ushbu huquqbuzarlikni sodir qilgan shaxsning o‘zi ma'muriy javobgarlikka tortiladi.

Bitta huquqbuzarlik yuzasidan yuridik shaxs yoki uning mansabdori tortilishi mumkin.

Yuridik shaxslar qayta tashkil etilganda qonunda belgilangan tartibda uning huquqiy vorisi ma'muriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka tortiladilar.

Mavzuga oid