Light | 21:40 / 06.12.2019
35246
8 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun vitaminlarga ko‘p pul sarflamaslik kerak?

Insonni birdaniga go‘zal va sog‘lom qilib qo‘yadigan superdori hali o‘ylab topilganicha yo‘q. Sotuvchilar gipnoziga tushmang.

Ko‘zingizni yuming va vitaminlarni tasavvur qiling. Nimani ko‘rdingiz? Agar xayolingizda sarxil meva va sabzavotlar bilan to‘lgan idish gavdalangan bo‘lsa, katta ehtimol bilan bu maqola siz uchun emas. Ammo biz shunday zamonda yashayapmizki, aksariyat insonlar «vitamin» so‘zini faqatgina bir quti tabletka bilan bog‘lashadi. Ularga atab dorixonalarda alohida peshtaxtalar o‘rnatilgan, reklama roliklarida esa vitamin komplekslarini sotib olish o‘ta zarurligi haqida bong uriladi. «Buning nimasi yomon?», dersiz. Bugun shu haqda ma'lumot beramiz.

Vitaminlar haqida nimani bilish kerak: nazariy qo‘llanma

Vitaminlar — organizm o‘z vazifasini to‘g‘ri amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan moddalar guruhi. Inson vitaminlarning katta qismini ovqat orqali qabul qiladi. Ammo istisno ham mavjud: D vitamini ultrabinafsha nuri ta'sirida ishlab chiqariladi, A vitamini tanada avvalgi avloddan sintezlanadi, K va B3 vitaminlari esa ichak mikrobiotlaridan ajralib chiqadi.

Yog‘da eriydigan vitaminlar (A, D, E, K) organizmda to‘planish xususiyatiga ega, suvda eriydigan vitaminlar (C va B guruhi) esa tezda suv bilan birga chiqib ketadi.

Vitaminlar bizga nima uchun kerak? Biz ulardan quvvat olmaymiz, ular hujayra va to‘qimalar tuzilishida ishtirok etmaydi. Aslida vitaminlar bizning organizmimizning o‘ziga xos yordamchilari hisoblanadi. Ular fermentlarning to‘g‘ri ishlashiga hissa qo‘shadi va ba'zida gormonlar rolini bajarib, tartibga solish vazifasini bajaradi.

Mineral ionlarni ham yoddan chiqarmaslik zarur — ushbu neorganik birikmalar osmotik bosimni to‘g‘ri ushlab turish uchun muhim bo‘lib, ularning ba'zilari oqsillar va nuklein kislotalari tarkibiga kiradi.

Inson vitamin va mineral ionlarni nimalardan qabul qilishi mumkin?

Ularning manbalari hamma yerda bor. Siz iste'mol qiladigan har bir narsa o‘zida vitamin va minerallar saqlaydi. Hatto chipslar tarkibida ham C, B6 va kaliy vitamini bor. Sutga, un, tayyor nonushtalar, sosiskalar va obakilarga ham vitamin qo‘shiladi. Ammo vitamin va minerallarga eng boy manbalar mevalar, sabzavotlar, go‘sht, baliq, don, non va sut hisoblanadi. Bundan tashqari, muzlatilgan mahsulotlar ham vitaminga boylikda yangi va sarxil holdagilardan ortda qolmaydi.

Vitaminlar kompleksida nima noto‘g‘ri?

O‘zimizga kerakli barcha vitaminlarni bitta dorida jamlash imkoni bordek tuyilishi mumkin. Ammo hammasi bunchalik oddiy emas.

Bir-biriga mosligi
Vitaminlar yuqorida aytilganidek yog‘da eruvchi va suvda eruvchi toifaga bo‘linadi. Suvda eruvchilarni suv bilan ichish kerak, yog‘da eruvchilarni yog‘li taom tanovuli vaqtida qabul qilish kerak (axir yog‘ni ichib bo‘lmaydi-ku). Suvda eruvchilar to‘planmaydi va tanadan tez chiqib ketadi, shu sababli ular kuniga bir necha marta qabul qilinadi. Yog‘da eruvchilarni esa aksincha, bir kunda bir mahal ichish kifoya. Shuningdek, ular risoladagidek saqlanishi uchun tabletkaning turli qismlarida joylashishi kerak. Hamma ishlab chiqaruvchilar ham buni hisobga olmasligi mumkin yoki tabletkani qanday to‘g‘ri qabul qilish kerakligini yo‘riqnomada ko‘rsatib o‘tishni shunchaki unutib qo‘yishadi.

Vitaminlarning to‘g‘ri parchalanishi ham ularning to‘g‘ri ishlashiga kafolat bermaydi.

Vitamin va minerallarning o‘zaro mosligi to‘g‘risida butun boshli ro‘yxat mavjud. Masalan, A va K vitaminlarini yaxshisi birga qabul qilish kerak, kalsiy, magniy va ruxni esa alohida. Shunga qaramay, hozirgi kunga qadar peshtaxtalarda nomunosib tarkibiy qismli vitamin komplekslarini uchratamiz. 

Nomutanosiblik
Ba'zi ishlab chiqaruvchilar biologik aktiv qo‘shimchalarga (BAD) qadoqda ko‘rsatilgan natijani yuzaga keltirish uchun ushbu jarayonga hissa qo‘shadigan xavfli tarkibiy qismlarni qo‘shadi. Bu nojo‘ya holat ozish uchun qo‘llanadigan vositalarda tez-tez kuzatiladi. Eng achinarlisi esa ushbu ingridiyentlar qadoqdagi tarkibiy qo‘shimchalar orasida ko‘rsatib o‘tilmaydi.

Yana bir keng tarqalgan kompozitsion nomuvofiqlik - dozalashdir. Ishlab chiqaruvchining veb-saytida bir ma'lumot ko‘rsatilsa, qadoqda boshqasi yoziladi va dorining ichida umuman boshqa narsa bo‘ladi. Ingridiyentlarning nisbati nafaqat qutilarda, balki tabletkalarning har birida turlicha o‘zgarishda bo‘lishi mumkin.

Narxi
Bozorda muvozanatli va halol kompozitsiyaga ega multivitaminlar mavjudligi haqida bahslashmaymiz. Gipovitaminozdan aziyat chekuvchilar kam emas. Ammo ular kimlar? Ko‘pincha kam ta'minlangan oilalar va qariyalar. Birinchisida to‘laqonli ovqatlanish uchun pul yetarli emas, ikkinchi guruhda yosh o‘tgan sayin boshqa vitaminlar va minerallarga nisbatan ehtiyoj ortadi. 

Endi dorixonalardagi vitamin komplekslarining o‘rtacha narxini eslashga harakat qilaylik. Paradoks shundaki, vitamin qo‘shimchalari aynan ular uchun ishlab chiqarilgani iddao qilinadigan odamlarning bunga puli yetmaydi.

Qanday qo‘shimchalarni qabul qilish kerak

Shunday bo‘lsa-da, hamma vitaminlar ham foydasiz emas. Darhaqiqat, hatto muvozanatlashtirilgan ovqatlanish tarziga amal qiladigan odam ham ma'lum bir vitamin yoki mineral yetishmasligini boshdan kechirishi mumkin (ammo, polivitaminli komplekslarda saqlanadigan narsalarning hammasiga nisbatan birdaniga emas). 

D vitamini
U suyaklarning o‘sishi va kalsiy so‘rilishida ishtirok etadi. D vitaminini oziq-ovqat orqali olish qiyin, shaharda kechuvchi hayot tarzi esa uzoq vaqt quyosh ostida yastanishga imkon bermaydi, shuning uchun dorixonadan qo‘shimchalar sotib olish mantiqiy. 

Rux
S vitaminidan farqli o‘laroq, sink shamollash bilan kurashishda haqiqatan yordam beradi. Rinovirus tarqalishining oldini oladi va kasallik kechishini yengillashtiradi. 

Folik kislotasi
Folik kislotasi homiladorlikda juda foydalidir. U homilada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asab tizimi kasalliklarining oldini olishga va hujayralar o‘sishiga yordam beradi.

Xulosa

Ko‘pgina vitamin komplekslarining samaradorligi isbotlanmaganiga qaramay, farmatsevtika kompaniyalari ko‘p miqdordagi qimmatbaho va muvozanatsiz multivitaminli komplekslarni ishlab chiqarishni davom ettirmoqda. Odamlar vitamin to‘plamlarini chiroyli qadoqlariga yoki «qancha ko‘p vitamini bo‘lsa, shuncha yaxshi» tamoyiliga ko‘ra tanlaydi, ba'zida vitaminlar nimaligini va qanday ishlashini ham tushunishmaydi. Albatta, dori-darmonlar bozorida haqiqatan ham yaxshi vitamin komplekslari mavjud, ammo bu haqida tushunchaga ega bo‘lmagan odam xilma-xillik orasida keraklisini shunchaki topib tanlay olmaydi. 

Sog‘lig‘ingizdagi barcha muammolaringizni vitamin yetishmasligi bilan bog‘lashdan oldin, turmush tarzingiz va ovqatlanish tartibini qayta ko‘rib chiqishingiz kerak.

Vitaminlar sehrli dorilar emas. Ular sizni uyqusizlik, noto‘g‘ri ovqatlanish yoki yomon odatlardan xalos eta olmaydi. Agar shunda ham ularni sotib olishga zarurat bor deb hisoblasangiz, avvalo shifokor bilan maslahatlashing. Sizga kerak bo‘lgan qo‘shimchalarning o‘zinigina to‘g‘ri tanlab qabul qilish kutilgan natijaga olib kelishi mumkin.

Nazokat Qarshiyeva tayyorladi

Mavzuga oid