O‘zbekiston | 09:55 / 09.12.2019
15967
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston O‘zbekistonda yangi zavod quradi

Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasining Hindistonning Gujarat shtatiga amalga oshirgan safari doirasida qator loyihalarni amalga oshirish maqsadida Natural Storage Solutions Pvt. Ltd., Nath Bio-Genes, Paragon Irrigation Pvt. Ltd. va boshqa kompaniyalar bilan anglashuv memorandumlari imzolandi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Natural Storage Solutions Pvt. Ltd. kompaniyasi bilan innovatsion texnologiyalar asosida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Mazkur loyiha bo‘yicha innovatsion texnologiyalar asosida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan zavod qurilishi rejalashtirilgan. 

Sabzavot va mevalarni muzlatib va sovitib saqlash texnologiyasining transfer qilinishi respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga, mahsulotlarning nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, korxona tomonidan taklif etilayotgan sovitish, muzlatish va saqlash tizimlari ko‘p yillik tadqiqotlar natijasi bo‘lib, har bir meva va sabzavot turining o‘ziga xosligini inobatga olgan holda, ulardagi bor vitamin va mineral moddalarini saqlash imkoniyatini beradi.

Hindiston qishloq xo‘jaligi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan korxona – Nath Bio-Genes kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida 20 gektar yer maydonida yuqori texnologiyalar asosida elita urug‘ ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hozirda elita urug‘ ishlab chiqaruvchi o‘zbek-hind qo‘shma korxonasi uchun yer ajratish, xususan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududiga kiritish bo‘yicha taklif ishlab chiqilmoqda. Maqsad – yuqori texnologiyalar asosida urug‘ mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish.

Paragon Irrigation Pvt. Ltd. kompaniyasi bilan innovatsion texnologiyalar asosida tomchilatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonani tashkil etiladi. Shu munosabat bilan qo‘shma korxona uchun yer ajratish, xususan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududiga kiritish bo‘yicha taklif ishlab chiqilmoqda. Kelgusida mazkur hind kompaniyasi bilan tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini ishlab chiqarishni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid