O‘zbekiston | 16:01 / 11.12.2019
7684
5 daqiqa o‘qiladi

Navoiylik saylovchilar diqqatiga!

Xalq demokratik partiyasi O‘zbekistonda ijtimoiy adolat va tenglik, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya mezonlariga mos keladigan ijtimoiy demokratik davlat barpo etishni o‘zining oliy maqsadi deb biladi.

Bizning g‘oyalar mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga, xalqimiz turmushini farovonlashtirishga yo‘naltirilgan. Davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlami manfaatlarini himoya qilishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olgan. Bunda qator ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga e'tibor qaratish lozim. Navoiy viloyatidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarning bu boradagi mulohazalari bilan tanishing:

Obidjon Saidov, pedagog, Navoiy shahridagi “Export fish product” mas'uliyati cheklangan jamiyat direktori, 38-Navoiy saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz yolg‘iz keksalar, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironlarning hayotiy ehtiyojlariga e'tiborni kuchaytirish zarur, deb hisoblaydi.

Demak,yolg‘iz keksalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalanish hamda ijtimoiy tadbirkorlik bo‘yicha ilg‘or davlatlar tajribasini o‘rganish oldimizda turgan eng asosiy vazifadir.

Salohiddin Hasanov, veterinariya vrachi, O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va tashxis ishlari boshqarmasi boshlig‘i, 39-Qiziltepa saylov okrugidan nomzod:

– Moliya, Sog‘liqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari, Xalq ta'limi vazirliklari bilan hamkorlikda nogironlar jamiyatlariga davlat subsidiyalarini ajratish, davlat sarmoyasi hisobidan nogironlar uchun ixtisoslashtirilgan korxonalar tashkil etish hamda ushbu korxonalarga ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat boshqaruvi organlari tomonidan ijtimoiy buyurtma berish tartibiga doir aniq takliflar ishlab chiqish va hukumatga taqdim etish bugungi dolzarb masalalardan hisoblanadi.

Kanimgul Narbayeva, pedagog, Konimex tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri, 40-Zarafshon saylov okrugidan nomzod:

Biz har bir insonning hayotiy zarur ijtimoiy xizmatlardan bepul foydalanishini qonunchilik darajasida va real hayotda kafolatlashni istaymiz. Biz fuqarolarning ta'lim olish, sog‘liqni saqlash va tibbiy yordamdan foydalanish, uy-joy, ijtimoiy himoya, madaniy hayotda ishtirok etish va malakali yuridik xizmatdan  foydalanish huquqlari kafolatlanadi.

Kamoliddin Nurmurodov, marketing davlat boshqaruvi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i, 41-Xatirchi saylov okrugidan nomzod:

– Hammamiz bilamiz, odamlarning yaxshi yashashi va munosib turmush sharoitiga ega bo‘lishida kommunal soha rivoji muhim ahamiyatga ega. Saylovoldi dasturimda kommunal sohada raqobat muhitini yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash bilan bog‘liq muhim masalalar aks etgan.

Fikrimcha, markazlashgan isitish va issiq suv ta'minotini, maishiy chiqindilarni olib ketish va utilizatsiya qilish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalarni tabiiy monopoliyasi bo‘yicha qonunchilik me'yorlarini ko‘rib chiqish lozim.

Dildora Adizova, informatika va axborot texnologiya, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Nurota tuman kengashi raisi, 42-Nurota saylov okrugidan nomzod:

Saylovoldi dasturimda yuqori sifatli va maqbul tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga katta e'tibor qaratilgan. Mulkchilik shakli va moliyalashtirish manbalaridan qat'iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul ko‘rsatiladigan majburiy tibbiy xizmatlar ro‘yxatini, shuningdek, tegishli majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmlarini qonunchilikda mustahkamlashga doir takliflarni ishlab chiqish va parlamentdagi fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusi bilan chiqish kerak.

Partiyamiz mamlakatning tobora yuksalayotgan iqtisodiy salohiyati aholining kam ta'minlangan qatlamlari turmush darajasi va hayot sifatini oshirish uchun xizmat qilish kerak, deb hisoblaydi. Bu mamlakatda ijtimoiy barqarorlik va fuqarolar birdamligini yanada mustahkamlashning asosiy omili hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim sharti hisoblanadi.

Xalq demokratik partiyasi nomzodlariga ovoz bering!
O‘zXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati

Mavzuga oid