Jahon | 21:12 / 12.12.2019
3882
2 daqiqa o‘qiladi

Jazoirda 20 yil ichidagi ilk prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

12 dekabrda Jazoirda sobiq prezident Abdulaziz Butafliqaning 20 yillik boshqaruvidan keyin ilk prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. 

Foto: EPA-EFE/MOHAMED MESSARA

Butafliqa unga qarshi o‘tkazilgan ommaviy noroziliklar sababli 2 aprelda iste'foga ketgandi. 

APS axborot agentligining xabar berishicha, saylovlar kuni minglab odamlar mamlakatni parlament quyi palatasi spikeri Abdulqodir Binsaloh boshchiligida “eski gvardiya” boshqarayotganiga qarshi norozilik bildirishgan. 

Prezident lavozimiga Butafliqa vaqtida yuqori lavozimlarni egallagan 5 nomzod kurashmoqda. Ular: “Milliy demokratik uyushma” partiyasi bosh kotibi 60 yoshli Ozoddin Mihubiy, sobiq turizm vaziri, “Al-Bino” siyosiy harakati raisi 57 yoshli Abdulqodir Bangrina, sobiq bosh vazirlar – 74 yoshli Abdulmajid Tabbun va 75 yoshli Ali Banflis hamda "Kelajak fronti" partiyasi nomzodi 56 yoshli Abdulaziz Baloid.

Hukumatga qarshi chiquvchilarning fikricha, nomzodlar amaldagi tuzum vakillari bo‘lishgani sababli xalq istayotgan islohotlarni amalga oshirishga qodir emaslar”.

Mamlakatda 24 mln kishi ovoz berish huquqiga ega bo‘lib, nomzodlardan birortasi ko‘pchilik ovoz olmasa, 1-bosqich natijalari e'lon qilingandan 15 kun keyin 2-bosqich bo‘lib o‘tadi.

Oxirgi so‘rovnomalarga ko‘ra, Ali Banflis saylovlarda g‘alaba qozonishga asosiy da'vogar hisoblanadi.

Mavzuga oid