O‘zbekiston | 10:59 / 14.12.2019
15087
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva: Muammolarni senatorlar ko‘tarib chiqishi kerak emasmidi? 

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yigirma beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. 

Kun tartibidan 17 ta masala o‘rin olgan. Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Davlat boji to‘g‘risida”, “Investitsiya va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”, “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi jami 11 ta qonun va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarning norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axboroti haqida va Navoiy viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotini ko‘rib chiqadilar.

Yalpi majlisni ochishdagi kirish nutqida Tanzila Norboyeva Senat faoliyatiga oid statistik ma'lumotlarni keltirdi.

“2010–2014 yillarda Senat tomonidan jami 140 ta qonun ma'qullangan bo‘lsa, 2015 yildan bugungi kungacha 220 dan ziyod qonun ko‘rib chiqildi. E'tiborli tomoni shundaki, bu qonunlarning 186 tasi so‘nggi 3 yilda ma'qullangan. Bu keyingi yillarda mamlakatimizda islohotlarning naqadar shiddatli kechayotganidan darak beradi”, - dedi Senat raisi.

Tanzila Norboyeva qonunlar ijrosini ta'minlashda parlament so‘rovlari katta samara berayotganini ta'kidladi: 

“So‘rovlarimizda ko‘tarilgan masalalarning barchasi yuzasidan Hukumat tomonidan tizimli choralar belgilangani bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada faollashtirish lozimligini anglatadi. Bundan tashqari, senatorlar tomonidan hududlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan davlat organlarining mansabdor shaxslariga 700 dan ziyod so‘rov, 4 mingga yaqin murojaat yuborilganini ham aytib o‘tish etish kerak”.

Senat raisi ayrim senatorlar faoliyatini ham tanqid ostiga oldi.
 
“Senat faoliyatidagi hududiy manfaatlar ustuvorligidan kelib chiqib, viloyat, tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari uning doimiy diqqat markazida bo‘lishi kerak. Biroq, afsuski, ayrim senatorlar o‘zlari saylangan hudud muammolarini Senat minbariga olib chiqishda deyarli tashabbus ko‘rsatmadilar. Holbuki, birgina viloyat hokimlarining hisobotlarini eshitish va muhokama qilish jarayonida hududlarni rivojlantirish borasida qanchadan qancha vazifalar, muammolar turganiga ishonch hosil qildik. Bu muammolarni senatorlarimiz ko‘tarib chiqishlari kerak emasmidi?” - deya Senat raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid