Jamiyat | 11:58 / 16.12.2019
6424
2 daqiqa o‘qiladi

O‘tmishidan ijobiy xulosa chiqarmay, to‘g‘ri yo‘lga kirmagan shaxs yana sudlandi

Illyustrativ foto

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi tomonidan 27 yoshli R.U.ga firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun hukm o‘qildi. Bu haqda O‘zbekiston respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, R.U. muqaddam bir necha marotaba sudlangan bo‘lsa-da, axloq tuzatish ishlari jazosini oxirigacha o‘tamasdan turib, 2019 yilning yanvar oyida tanishi I.B.ni Qarshi shahrida joylashgan novvoyxonaning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishga yordam berishi, buning uchun 2.000.000 so‘m davlat boji to‘lashi kerakligi bilan aldab, 2.000.000 so‘m pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, u o‘zining jinoiy faoliyatini davom ettirib, 2019 yilning fevral oyida, I.B.ga yer uchastkasi borligini, 15.000.000 so‘m evaziga ushbu yer uchastkasini sotishini aytib aldab,  uni ishontirib, 15.000.000 so‘m pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Mazkur holat yuzasidan, R.U.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan firibgarlik) bilan ayblov e'lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Sud R.U.ni yuqorida ko‘rsatilgan firibgarlik jinoyati bo‘yicha aybdor deb topib, uning o‘talmay qolgan jazosini inobatga olib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Mavzuga oid