Jamiyat | 14:40 / 17.12.2019
25848
3 daqiqa o‘qiladi

Zarafshonda ichki ishlar xodimi og‘ir yaralandi, ammo jinoyatchini qo‘lga oldi

Foto: postda.uz

Joriy yilning 14 dekabr kuni Navoiy viloyati Zarafshon shahri 2-kichik tumanida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan H.J. uyiga mast holda qaytib, arzimas sababni bahona qilib janjal ko‘taradi. 

Postda.uz’ning yozishicha, u spirtli ichimlik ta'sirida aql-hushini yo‘qotib, turmush o‘rtog‘i va farzandlarini ayovsiz haqorat qila boshlaydi. Turmush o‘rtog‘i R.I.ni o‘ldirishini aytib, uyida pichoq izlay boshlaganda esa vaziyat fojiali tugashi mumkinligi oydinlashadi.

Farzandlari uydagi kesuvchi jismlarni yashirishga ulgurgani sababli uydan qo‘liga ilinarli biror narsa topolmagan H.J. pichoq izlab ko‘chaga otlanganidan foydalangan R.I. hududda xizmat olib borayotgan Zarafshon shahar IIB HPB profilaktika inspektori, leytenant Farid Soibovga murojaat qiladi.

Vaziyatni to‘g‘ri baholagan profilaktika inspektori jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi Z.Erkinov bilan birga voqea joyiga yetib borib, janjaldan o‘takasi yorilgan bolalarni tinchlantiradi.

Ko‘chadagi do‘kondan oshxona pichog‘ini sotib olib, uyiga qaytgan H.J. eshik oldida ichki ishlar organi xodimini ko‘rgach, ichkariga kirishga harakat qiladi. Biroq bunga yo‘l qo‘ymagan leytenant F.Soibov vaziyatga oydinlik kiritish uchun gaplashib olishlari lozimligini ma'lum qiladi. Shu payt fuqaro H.J. yengi ichida yashirib olgan pichoq bilan uning qorin qismiga bir necha marta jarohat yetkazib, ichkariga bostirib kiradi.

Og‘ir jarohat olgan bo‘lishiga qaramasdan o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan va inson hayotini saqlab qolishni burchi deb bilgan profilaktika inspektori H.J.ni qo‘lga olib, zararlantirishga muvaffaq bo‘ladi.

F.Soibov og‘ir ahvolda shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi. O‘z vaqtida zarur choralar ko‘rilgani sababli ichki ishlar organi xodimining hayoti saqlab qolindi.

Fuqaro H.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi.

Yuqori jangovar shaylik va jasorat namunasini namoyish etgan leytenant F.Soibovni rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid