Sport | 18:08 / 18.12.2019
55526
2 daqiqa o‘qiladi

Doping: ikki nafar o‘zbekistonlik kurashchi JCh oltin medallaridan mahrum bo‘ldi

Gulnora Sulaymonova

Kurash xalqaro assotsiatsiyasi (IKA) Antidoping komissiyasi o‘zbekistonlik ikki sportchini antidoping qoidalarini buzgani uchun chetlashtirdi. Bu haqda IKA saytida xabar berilgan.

Kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati va 2019 yil sentabr oyida Koreyada bo‘lib o‘tgan Butunjahon jang san'ati o‘yinlarida ikki nafar sportchidan olingan doping namunalarida Jahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan moddalar tarkibi aniqladi.

Gulnora Sulaymonovaning (ayollar o‘rtasida 52 kg vazn toifasida g‘olib) doping namunasida Dehydrochlormethyltestosterone metaboliti topildi.

Abror Jabborovning (60 kg vazn toifasida g‘olib) namunasida furosemid diuretiki aniqlandi.

Antidoping komissiyasining qarori bilan G.Sulaymonova musobaqalarda qatnashishdan 4 yilga, A.Jabborov esa 2 yilga chetlashtirildi. Shuningdek, ularning jahon chempionati va Koreyadagi Butunjahon jang san'atlari o‘yinlaridagi natijalari ham bekor qilindi.

Natijada, ayollar o‘rtasida 52 kg vazn toifasida oltin medal Turkmaniston vakilasi Oynur Omonova, erkaklar o‘rtasida 60 kg vazn toifasida esa turkmanistonlik Shomuhammad Qurbonovga beriladi.

Mavzuga oid