O‘zbekiston | 21:55 / 19.12.2019
13866
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Yapon biznesiga qulay sharoit yaratib beramiz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifini davom ettirmoqda.

Bugun davlat rahbari tashrif doirasida Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan uchrashdi. Ikki tomonlama uchrashuvlardan so‘ng har ikki davlat rahbarlari OAV uchun brifingda ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyev jurnalistlar oldida chiqish qilar ekan, Yaponiya bilan munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilishiga umid qilishini aytib o‘tdi.

Mehmondo‘stlik uchun mezbonlarga rahmat aytib so‘z boshlagan Shavkat Mirziyoyev yapon xalqini yangi imperator taxtga o‘tirishi bilan boshlangan «Reyva» davri bilan tabrikladi (Yaponiyada har bir imperator davri o‘ziga xos davr deb hisoblanadi va unga alohida nom beriladi. 2019 yil 1 may kuni Yaponiyada yangi imperator Naruxito taxtga o‘tirdi va bu bilan mamlakatda o‘ziga xos Reyva davri boshlandi).

Shuningdek, prezident ikki millat o‘rtasidagi munosabatlarning iliqligini ta'kidlab, ikkinchi jahon urushidan so‘ng ko‘plab yaponiyaliklar O‘zbekistondan boshpana topganini esladi.

«Avvalo bosh vazir Sindzo Abe janobi oliylari va yapon xalqiga mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildiraman. Yaponiya xalqini imperator Naruxito taxtga kelishi bilan boshlangan Reyva davri bilan tabriklayman. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ko‘plab yaponiyaliklar O‘zbekistonga kelib yashagan va bizning yapon millatiga bo‘lgan hurmatimiz doim yuqori bo‘lgan», deydi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev brifingda siyosatchilar xalqaro maydondagi mavzularni muhokama qilganini ham aytib o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston prezidenti Yaponiyaning BMT Xavfsizlik kengashiga doimiy a'zo bo‘lib kirishi tarafdori ekanini ma'lum qildi.

«Biz Yaponiya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zosi bo‘lishini xohlaymiz. Yaponiya 2022 yilda BMT xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a'zosi bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti davom etishini ham qo‘llab-quvvatlaydi», deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning yuqori texnologiyalarga asoslangan biznesi O‘zbekistonga kirib borishi biz uchun juda foydali ekanini ta'kidlab, mamlakatda yapon biznesi uchun har qanday sharoitlar yaratib berilishini aytdi.

«Bugungi uchrashuvlarimiz samarali bo‘ldi. Imzolagan shartnomalarimiz munosabatlarimizning yangi bosqichga ko‘tarilishini ta'minlaydi deb umid qilaman. Biz amalga oshirayotgan islohotlarni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgan Yaponiyaga minnatdorchilik bildiraman. Yapon biznesiga O‘zbekistonda qulay sharoit yaratib beramiz. Janob Abe, sizni O‘zbekistonga taklif qilaman», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi ertaga 20 dekabr kuni o‘z yakuniga yetadi. Shu kuni davlat rahbari Yaponiyaning yangi imperatori Naruxito bilan uchrashadi.

Mavzuga oid