O‘zbekiston | 15:29 / 19.12.2019
10252
4 daqiqa o‘qiladi

Yong‘in xavfsizligi institutining asosiy vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot institutining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 10 apreldagi PQ-4276-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan o‘tkazilgan Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasining Yong‘in xavfsizligini ilmiy-texnik ta'minlash markazi hamda Yong‘in xavfsizligi institutining Yong‘in xavfsizligi masalalari bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan.

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari va faoliyatining yo‘nalishlari etib belgilandi:

yong‘in xavfsizligini ta'minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida amaliy ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish va bu borada ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish;

qurilish konstruksiyalari, modda va materiallarning yong‘in xavfliligini tadqiq etish, yong‘in-texnik va qutqaruv uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni sinash hamda yong‘inlardan va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlardan himoya qilish tizimlarining muvofiqligini baholash;

yong‘inlarni va boshqa favqulodda vaziyatlarni tadqiq qilish hamda yong‘in-texnik ekspertizalarini o‘tkazish;

yong‘in xavfsizligi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish hamda yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari shaxsiy tarkibining sog‘lig‘i va mehnat muhofazasini ta'minlash sohasidagi texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalar va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqish va takomillashtirish;

Institut faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha respublikadagi ta'lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshirish hamda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish.

Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

Institutni joriy saqlash uchun har yili budjetdan ajratiladigan mablag‘lar;

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari;

Davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetlari mablag‘lari;

pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Institutning bino va inshootlarini qurish uchun Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Erkin qishlog‘i, Quyoshli MFI hududida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga foydalanishga berilgan yer maydonidan 3,5 gektarini belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ajratilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid