O‘zbekiston | 13:18 / 20.12.2019
9842
12 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarning saylash va saylanish huquqi: kafolat va erkinliklar

Avvalo shuni aytish kerakki, Konstitutsiyamizda fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, milliy saylov tizimining asoslari belgilab qo‘yilgan. Bu qoida va me'yorlar asosini esa, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan va umume'tirof etilgan demokratik prinsiplar tashkil qiladi.

Shuningdek, bu prinsiplar qatoriga, jumladan, qonuniylik, oshkoralik va adolat tamoyillari ham kiradi. Shu asosda mamlakatimizda saylovda ishtirok etuvchi har bir shaxsning saylov jarayonlaridagi faoliyati bilan bog‘liq asosiy tartib-qoidalar, huquq va majburiyatlari hamda ularning himoyasini ta'minlash bo‘yicha qonuniy kafolatlar milliy qonunlarimizda batafsil belgilab berilgan.

Shu o‘rinda saylovda ishtirok etuvchi shaxsning huquq va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda kimga yoki qayerga murojaat etishi lozim, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Bu savolga javoban shuni aytish kerakki, amaldagi qonunlarimizda saylov komissiyalari qarorlari va ularning xatti-harakatlari ustidan qoida tariqasida yuqori saylov komissiyasiga yoki sudga murojaat qilish huquqi kafolatlangan. Qayd etish joizki, fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlarini sudlarning mustaqilligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Shu ma'noda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida ta'kidlaganidek, sudlarning chinakam mustaqilligini ta'minlash biz uchun eng ustuvor vazifadir. Ayniqsa, sud biror mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart. Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim.

Chunki faqat amalda to‘liq mustaqil sud adolatli, asosli va qonuniy qarorlar qabul qiladi. Qonuniy qaror esa, jamiyatimizda adolat tamoyillarini ta'minlashda o‘ta muhim o‘rin tutadi.

Holbuki jamiyatimizda barcha masalalar, xususan manfaatdor shaxs saylov komissiyalari qarorlari ustidan yuqori saylov komissiyasiga murojaat qilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilishi ham mumkin. Bunda yuqori saylov komissiyasiga murojaat qilmagani holati manfaatdor shaxsning sudga murojaat qilish huquqiga to‘sqinlik qilmaydi.

Kodeks talabiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining Senat a'zolari saylovi bo‘yicha qo‘shma majlislar, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinadi. Chunki ular eng yuqori instansiya hisoblanib, qabul qilgan qarorlarining qonuniyligiga baho beruvchi yuqori saylov komissiyasi mavjud emas.

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalar organlari, deputatlikka nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalari qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin o‘n kun ichida yuqori turuvchi saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin. Saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyatlar qoida tariqasida javobgar joylashgan joydagi ma'muriy sudlarga beriladi.

Qo‘shma majlislar, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinadi.

Albatta, amaldagi qonunlarimizda sudlar tomonidan bunday shikoyatlarning ko‘rib chiqish tartibi va muddati aniq belgilab qo‘yilgan. Ya'ni sudlar bunday shikoyatlarni shikoyat kelib tushganidan so‘ng uch kun ichida, saylovga kamida olti kun qolganida esa, darhol ko‘rib chiqadi.

Masalan, saylovchi – saylovchilar ro‘yxatidagi xato yoki noaniqlikni tuzatish haqidagi murojaatini 24 soat ichida ko‘rib chiqmaslik yoki asossiz rad etish, saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmaganlik, noto‘g‘ri kiritilganlik yoki ro‘yxatdan chiqarilganlik, muddatidan oldin ovoz berish huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish yoki ushbu huquqdan foydalanish haqidagi arizani ko‘rib chiqmaganlik yoxud rad etganlik kabi holatlar yuzasidan sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Shu o‘rinda amaldagi qonun talablariga e'tibor qaratsak, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-4-moddasiga ko‘ra, nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish – mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shu o‘rinda yana holatga e'tibor qaratish joiz. Ya'ni saylov jarayonida nomzodlar, siyosiy partiyalarning obro‘-e'tiborini to‘kish uchun atay yolg‘on ma'lumotlarni tarqatish holatlari ham uchrab turadi. Qonunchiligimizda ushbu toifadagi huquqbuzarlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan. Masalan, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-6-moddasida mazkur toifadagi huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, saylov natijalariga ta'sir ko‘rsatish maqsadida nomzod, siyosiy partiya to‘g‘risida ataylab yolg‘on ma'lumotlarni e'lon qilish yoki boshqa usullar orqali tarqatish – fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ish ma'muriy sudlar tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar olingan kundan boshlab bir sutka mobaynida ko‘rib chiqiladi.

Saylov komissiyalarining xatti-harakatlari va qarorlari yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlar Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 27-moddasiga muvofiq tuman (shahar) ma'muriy sudlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, ushbu kodeksning 30-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xatti-harakatlari yo qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi ishlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi birinchi instansiya sudi sifatida ko‘rib chiqadi.

Saylov komissiyasining qarorlari ustidan qilingan shikoyatlar arizachi, tegishli saylov komissiyasi vakili, prokuror, agar shikoyat arizachiga emas, balki boshqa fuqaroga daxldor bo‘lsa, o‘sha shaxsni chaqirgan holda ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Bu shaxslarning sud majlisiga kelmasligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.

Shu o‘rinda saylov natijalarini haqiqiy emas, deb topishning oqibatlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, saylov komissiyasi qarorlari ustidan qilingan shikoyat qanoatlantirilgan taqdirda, sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilan darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshiriladi.

Aytish kerakki, Saylov kodeksida saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta'sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi belgilangan.

Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. Saylov yakunlari e'lon qilingan kundan e'tiboran o‘n kun ichida ushbu qaror ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilish mumkin.

Ma'lumki, mahalliy Kengashlarga o‘tkazilgan saylovni haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. Bu qaror ustidan, ovoz berish yakunlari e'lon qilingan kundan e'tiboran o‘n kun ichida sudga shikoyat qilish mumkin.

Sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilan darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshiriladi. Ushbu sudning hal qiluv qaroridan norozi bo‘lgan taraf shu sud orqali yuqori instansiyaga apellyatsiya shikoyati berishga, prokuror esa apellyatsiya protesti keltirishga haqli.

Amaldagi qonunda saylov o‘tkazish jarayoniga aralashganlik uchun ham tegishli javobgarlik belgilab qo‘yilgan. Masalan, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-2-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, xuddi shuningdek, ularning ishiga to‘siqlarni yuzaga keltirganlik uchun – mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, ushbu kodeksning 51-3-moddasiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining qarorlarini ijro etmaganlik, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqishni g‘ayrihuquqiy ravishda rad etganlik yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzgani uchun mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Bundan tashqari, saylov jarayonida nomzod, ishonchli vakil, kuzatuvchi yoki siyosiy partiya vakolatli vakili o‘zlarining huquqlari buzilgan deb hisoblasa, bu borada tegishli saylov komissiyasi, Ichki ishlar idoralari va prokuratura organiga murojaat qilishi mumkin.

Agar yuqorida qayd etilgan shaxslarning huquqlari haqiqatan ham buzilgani aniqlansa, ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-4-moddasida belgilab qo‘yilganidek, mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Qonunchilikda saylovni moliyalashtirish tartibini buzganlik uchun ham javobgarlik nazarda tutilgan. Xususan, MJtKning 51-8-moddasida saylovni moliyalashtirish tartibini buzgani uchun fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.

Saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarni tegishli saylov komissiyalari tomonidan tasdiqlanmasdan turib chop etish yoki e'lon qilish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi. Jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari taxminlarini, shuningdek saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni chop etish va e'lon qilish tartibini buzganlik uchun MJtKning 51-9-moddasiga ko‘ra mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Saylov o‘tkazish jarayonida sodir etilgan ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishlar prokuratura organlari va Ichki ishlar idoralari tomonidan rasmiylashtiriladi.

Ichki ishlar yoki prokuratura organlariga xabar kelib tushganidan keyin 24 soat ichida saylov komissiyasi a'zolari hamda zarur bo‘lganda xabarni yetkazgan shaxs ishtirokida huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida huquqbuzarlikda gumon qilingan shaxsning xatti-harakatlari o‘rganiladi.

Shundan so‘ng o‘rganish jarayonida to‘plangan hujjatlar, MJtKning 282-moddasiga muvofiq, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma yoki qaror, boshqa hujjatlar va ish bo‘yicha ashyoviy dalillar bilan birga huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlangan paytdan boshlab bir sutkadan kechiktirmay ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish uchun tuman (shahar) ma'muriy sudiga yuboriladi.

Yuqorida qayd etilganlardan ko‘rinadiki, mamlakatimizda fuqarolarning saylov huquqi to‘liq kafolatlangan. Eng muhimi, qonunlarimizda o‘zining teran ifodasini topgan bu qoidalar xalqaro saylov standartlari to‘liq mos keladi.

K.Komilov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi

Mavzuga oid