Jamiyat | 17:47 / 20.12.2019
10358
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar xodimlari orasidagi suiqasd holatlari haqida ma'lumot berildi

19 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIV Kadrlar bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Farid Abdiyev ichki ishlar xodimlari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari haqidagi savolga javob berdi.

«Suitsidlar asosan xizmat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarda sodir bo‘ladi. Oilada, qanaqadir qarzdorlik bo‘lgan holatlarda ro‘y berishi mumkin. Lekin xizmatning ish yuklamasidan kelib chiqib suitsid qilingan holatlar yoki xizmat paytida o‘zini qanaqadir xizmat quroli bilan [otib o‘ldirgani] kamdan-kam bo‘lgan holat. Oldinlari bo‘lgani haqida eshitganman, lekin so‘nggi paytlarda bunaqa holatlar kuzatilgani yo‘q», deya Farid Abdiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

IIV mulozimi ichki ishlar xodimlari ishtirokida o‘z joniga qasd qilish holatlari yuz berganini tan oldi. Biroq bularning barchasi oilaviy va shaxsiy hayotidagi voqealar, ijtimoiy muammolardan kelib chiqib yuz bergani aytildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar xodimlarining suitsidga qo‘l urishi bilan bog‘liq ko‘rsatkich u qadar ko‘p emas.

Avvalroq IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining Toshkent viloyati manzil koloniyasi jinoyat qidiruv bo‘limi katta tezkor vakili, podpolkovnik Asomxo‘ja Abrorov o‘z kabinetida arqon bilan osilgan holatda topilgani xabar qilingan, Prezident qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri» va «O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi» lavozimlari joriy etilgan edi.