O‘zbekiston | 16:10 / 22.12.2019
7589
4 daqiqa o‘qiladi

«Bunday muhim jarayonda saylovchilarning ishtiyoqi yuqori bo‘lishi kerak» – YeXHT maxsus koordinatori

O‘zbekistonning barcha hududlarida vakillik organlariga saylovlar davom etmoqda. Kun.uz muxbiri Toshkent shahridagi 883-saylov uchastkasida bo‘lib, jarayon kuzatuvchisi sifatida qatnashayotgan xalqaro tashkilotlar vakillarining fikri bilan qiziqdi.

«O‘zbekiston saylov tizimini rivojlantirish uchun jiddiy harakat qilmoqda. Biroq to‘liq jarayonni baholashga hali erta. YeXHT Parlament assambleyasidan kelgan kuzatuvchilar ham 50dan ortiq va ular bugun kechki payt o‘z xulosalarini berishadi. Ertaga esa barcha xulosalar umumiylashadi», – deydi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Parlament assambleyasi missiyasi rahbari Kari Henriksen.

Kuzatuvchi, shuningdek, partiyalar o‘tkazgan debatlar va ularda siyosiy liderlar tomonidan ayrim fikrlarni izohlashda tushunmovchilik holatlari yuzaga kelgani borasida ham fikrlarini bildirdi.

«Har qanaqa mamlakatda ham partiyalar tomonidan munosabat bildirishda, muammolarni o‘rganishda xatolar bo‘lib turishi mumkin. Biroq eng muhimi –  butun boshli tizimning to‘g‘ri ishlayotgani.

Shuningdek, xatolikning o‘zi odamlar uchun aniqligi, jamiyat uni payqay boshlagani va bunday holatlarda taqiqlarning hamma uchun birday ishlashi  ham to‘liq demokratiyani shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Eng muhimi, har bir jarayondan odamlarning xabardor bo‘lgani», – deydi Kari Henrikson.

Uning so‘zlariga, ayrim saylovchilarning ovoz berish huquqidan foydalanmasligi – tabiiy hol. Eng asosiysi, odamlarning demokratiya funksiyalaridan xabardorligi, hukumat va xalq o‘rtasida ochiqlikning mavjudligi, hech kimning saylovda qatnashishga majburlanmasligi orqali demokratiyaning namoyon bo‘lishidadir.

YeXHT Parlament assambleyasining maxsus kordinatori Georgiy Tsereteli saylovning ahamiyatidan kelib, unga bo‘lgan qiziqish ham shunga mos ravishda yuqori bo‘lishiga umid bildirdi.

«Ertalabdan buyon saylov uchastkalarida qisqa va uzoq muddatli kuzatuv ishlarini olib bormoqdamiz. Tashkilotchilik jarayonlarini qoniqarli deb hisoblayman.

Saylovning muhimligidan kelib chiqib, umid qilamanki, unda saylovchilar yuqori ishtiyoq bilan ishtirok etadilar. Bundan tashqari, tashkilotchilar, ovoz beruvchilar va hukumat a'zolari – hamma faol va saylov qonunchiligiga rioya qilishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishlari zarur. Hatto kichik tushunmovchilik va kamchilik ham katta aks-sado berishi mumkin», – deydi u.

Georgiy Tsereteli

Shu bilan birga, Tsereteli saylovda ovoz bermaslik huquqidan foydalanish ham demokratiyaning bir ko‘rinishi ekanini qo‘shimcha qildi.

YeXHT vakili siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturiga oid bir qancha tanqidiy holatlarga duch kelgani, lekin bu partiyalarning siyosiy  jarayonlarda faollashish uchun dastlabki urinishlari ekanini hisobga olganda tabiiy holat ekanini ham aytib o‘tdi.

«Agar saylovoldi jarayonlarida partiyalardan xato o‘tgan bo‘lsa ham, bunga saylovchilarning o‘zi bugun xolis bahoni beradi», – deya ta'kidladi xalqaro kuzatuvchi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistondagi bugungi saylovlarni o‘nta xalqaro tashkilotdan, dunyoning 50dan ortiq davlatidan kelgan 825 nafar xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bormoqda.

Mavzuga oid