Jahon | 18:38
3149
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda Konstitutsiyaviy sud navbatdagi prezidentlik saylovi sanasiga aniqlik kiritdi

Sud 2010 yilgi Konstitutsiya doirasida saylangan va 2021 yil 28 yanvarda olti yillik muddatga lavozimga kirishgan Sadir Japarovning vakolat muddati masalasini ko‘rib chiqdi va navbatdagi saylov 2027 yil yanvar oyining to‘rtinchi yakshanbasida o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Foto: Andrey Stenin

Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi navbatdagi prezidentlik saylovi 2027 yil yanvar oyining to‘rtinchi yakshanbasida o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu haqdagi qaror 17 fevral kuni amaldagi prezident Sadir Japarovning murojaati ko‘rib chiqilgandan so‘ng qabul qilindi.

Sud 2010 yilgi Konstitutsiya doirasida saylangan va 2021 yil 28 yanvarda olti yillik muddatga lavozimga kirishgan Japarovning vakolat muddati masalasini ko‘rib chiqdi. 2021 yilgi yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, prezident endi 5 yilga saylanadi, shuningdek, ketma-ket ikki muddatga cheklov o‘rnatilgan. Biroq, 2010 yilgi Konstitutsiyada prezidentning vakolat muddati 6 yil edi va ayni bir shaxs ikkinchi muddatga saylanishi mumkin emas edi.

Konstitutsiyaviy sud Japarov tayinlangan vaqtda amalda bo‘lgan eski qoidalar bo‘yicha saylangani sababli uning 6 yillik muddati saqlanib qoladi, degan xulosaga keldi. 2021 yilgi Konstitutsiyada belgilangan yangi muddat uning mandatiga nisbatan tatbiq etilmaydi. 6 yillik muddat ikki muddat to‘g‘risidagi qoida doirasida birinchi muddat sifatida hisobga olinadi.

Sudning ta’kidlashicha, amaldagi prezidentning vakolat muddatini yangi Konstitutsiyaga muvofiq qisqartirish huquqiy vorislik tamoyilining buzilishi bo‘ladi, chunki bu qoidalarning retroaktiv o‘zgarishini anglatadi.

Muddatidan ilgari saylov to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sud uni faqat 2021 yilgi Konstitutsiyaning 72-moddasida ko‘rsatilgan qat’iy belgilangan asoslar bo‘yicha, shu jumladan, prezidentning arizasiga ko‘ra iste’foga chiqishi, lavozimidan ozod etilishi yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra yoki vafoti munosabati bilan o‘z vazifalarini bajara olmasligi sababli o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidladi.

Shu tariqa, sud saylovni 2026 yil 24 sentabrdan kechiktirmay tayinlash, ovoz berish jarayonining o‘zini esa 2027 yil 24 yanvarda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Japarovning murojaati unga va Qirg‘iziston parlamenti spikeriga yo‘llangan maktubga munosabat bo‘ldi. 75 nafar jamoat arbobi, jumladan, sobiq bosh vazirlar va deputatlar tomonidan imzolangan maktubda yangi Konstitutsiya qabul qilingandan keyin prezidentning vakolat muddati bo‘yicha huquqiy noaniqlik borligidan xavotir bildirilgan edi. Maktub mualliflari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy nizolarning oldini olish uchun muddatidan oldin saylov o‘tkazishni taklif qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid