Jahon | 11:58
1118
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy saylovlar haqidagi xabarlarni inkor qildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 24 fevral kuni davlat rahbarligi saylovlari va Rossiya bilan tinchlik kelishuvi bo‘yicha referendum e’lon qilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. U yana bir bor xavfsizlik masalasi ustuvor ekanini ta’kidladi.

Foto: AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 11 fevral, chorshanba kuni kechqurun Financial Times nashri tarqatgan — go‘yo u 24 fevral kuni, Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli urushi boshlanganiga to‘rt yil to‘lgan sanada, prezident saylovlari sanasi hamda tinchlik takliflari bo‘yicha referendum haqida e’lon qilishni rejalashtirayotgani haqidagi ma’lumotni rad etdi.

DW muxbirini ham o‘z ichiga olgan jurnalistlar bilan onlayn muloqotda davlat rahbari saylovlar masalasi faqat tegishli xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lgandagina muhokama qilinishi mumkinligini ta’kidladi. “Men doim aytganman: saylovlar masalasini u yoki bu hamkorlar ko‘taradi. Ukraina o‘zi hech qachon buni ko‘tarmagan. Ammo, albatta, biz saylovlarga tayyormiz. Men aytganman: juda oddiy — otashkesim qiling, saylovlar bo‘ladi. Bu — xavfsizlik masalasi”, — dedi prezident va “avvalo xavfsizlik, keyin siyosat” ekanini qo‘shimcha qildi.

Zelenskiy 24 fevral sanasining Ukraina uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, aynan shu kuni siyosat haqida gapirish “ahmoqona g‘oya” bo‘lishini aytdi — hatto “qandaydir maqsadlar yoki muayyan saylovlarni yaqinlashtirishga qaratilgan qadamlar” bo‘lgan taqdirda ham.

“Bu juda jiddiy sana. To‘rt yillik urush. Davlatimizni himoya qilgan, jonini fido qilgan odamlar juda ko‘p. Va aynan 24 fevraldan boshlab har kuni davlatini himoya qilib kelayotganlar bor. Men siz so‘ragan narsani hech qachon qila olmasdim. Shuning uchun 24 fevral kuni hech qanday saylovlar e’lon qilinishi mumkin emas”, — dedi u.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti AQSh go‘yo Ukrainada saylovlar bo‘lmasa, taklif etilgan xavfsizlik kafolatlaridan voz kechish bilan tahdid qilayotgani haqidagi ma’lumotni ham rad etdi. U Vashington bu ikki masalani bog‘lamayotganini qayd etdi. “Yo‘q. Ular xavfsizlik kafolatlaridan voz kechish bilan tahdid qilmayapti. Aytgancha, ular saylovlarni xavfsizlik kafolatlari bilan bog‘lamayapti”, — dedi Zelenskiy.

Prezident aytishicha, referendum o‘tkazish uchun ham urushni to‘xtatish zarur. “Referendum ham tuzilmasi jihatidan saylovga o‘xshaydi — xavfsizlik kerak”, — dedi u va bu pozitsiya Ukraina tomonidan AQShga anchadan beri ma’lum ekanini qo‘shimcha qildi.

Bundan oldin Financial Times gazeti noma’lum manbalarga tayanib, Vladimir Zelenskiy 24 fevral kuni saylovlar va referendum o‘tkazish rejalari haqida e’lon qilishi mumkinligini yozgan — go‘yo AQSh bosimi sabab buni 15 maygacha qilish talab qilinyapti. Ukraina prezidenti idorasi esa saylovlarni e’lon qilish uchun, eng avvalo, ularni xavfsiz o‘tkazish kafolatlanishi shart, deb ta’kidlagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid